Merkelning vorisi Rossiya-Ukraina chegarasidagi vaziyatdan xavotirda

Olam

image

Germaniya Federativ Respublikasining bo‘lajak kansleri, sotsial-demokratlar partiyasi yetakchisi Olaf Shols Rossiya qo‘shinlarining Ukraina chegarasi yaqinida harakatlanishidan xavotirda. 

Bu haqda Shols Erkin demokratik partiya (EDP) yetakchisi Kristian Lindner va Yashillar partiyasi hamraisi Robert Xabek bilan yangi koalitsiya hukumati siyosatiga bag‘ishlangan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi. 

Shols, Germaniya Yevropa Ittifoqini yanada kuchliroq qilish uchun avvalgi hukumat siyosatiga amal qilishda davom etishini qayd etdi. 

“Dunyo kelajagi ko‘plab nufuzli davlatlar tomonidan shakllantiriladi. Shu nuqtai nazardan Yevropa kelajakda qat’iy va mustaqil harakat qilishi juda muhim”, deydi u. 

Shols, shuningdek, Ukraina chegaralari yaqinida Rossiya qo‘shinlarining to‘planishiga izoh berdi. U Yevropada xavfsizlik va hamkorlik avvalroq kelishilgan, chegaralar daxlsizligini ham o‘z ichiga olgan tamoyillarga asoslanishi kerakligini ta’kidladi. 

Bo‘lg‘usi kanslerning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaning Ukraina chegaralari yaqinidagi harbiy faolligidan xavotirda. “Ukraina uchun tahdidlarning paydo bo‘lishi qabul qilib bo‘lmaydigan holat”, deydi u. 

Germaniyaning bo‘lajak kansleri Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH prezidenti Jo Bayden o‘rtasidagi bo‘lajak muloqotda Ukraina chegarasidagi vaziyat, albatta, muhokama qilinishiga ishonch bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Olaf Shol'ts

Baholaganlar

89

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing