Menga bosim bo‘lmadi, kompensatsiyani yetkazib berishdi – Marhum shifokorning qizi (intervyu)
Intervyu
−
01 iyul 2020
33646Joriy yilning 28 iyun kuni O‘zbekistonda xizmat vaqtida koronavirus yuqtirib olgan shifokor Alisher Uralov vafot etgan edi. Alisher Uralov vafot etganidan keyin, kecha 30 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda marhumning qizi Shahnoza Hasanovaning e’tirozlari murojaati tarqaldi. Unda qayd etilishicha, shifokor 52 yoshda va og‘ir vaznli bo‘lgan. Shu bois u karantin markaziga borishdan bosh tortgan. Unga karantin markaziga bormasa, ishdan bo‘shatilishi aytilgan. Shundan keyin Alisher Uralov karantin markaziga borishga majbur bo‘lgan. U xizmat vaqtida koronavirus yuqtirib olgan.
Bugun, 1 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov marhum uyiga borib, Qur’on tilovat qildi va marhumning oila a’zolaridan ko‘ngil so‘radi. Shu bilan Respublika maxsus komissiyasining ta’ziyasini yetkazdi. Bugunning o‘zida vazirlik mas’ul xodimlari Alisher Uralovning oila a’zolariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorida belgilanganidek, 250 million so‘m kompensatsiya pulini yetkazib berdilar.
Ta’ziyadan so‘ng QALAMPIR.UZ marhumning qizi Shahnoza Hasanova bilan muloqot qildi.
Shahnoza Hasanova, marhum shifokor Alisher Uralovning qizi:
— Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovni faqat televizor orqali ko‘rganman. Shu ikki kun ichida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaatimga befarq qaramasdan, muammoimning yechimiga kirishganlari ko‘nglimni ko‘tardi. Shu sabab bu odam meni eshita oladi degan his paydo bo‘ldi.
U kishi kirib kelganlaridan keyin musulmonchilikka munosib holatda duoga qo‘l ochildi. Undan keyin sekin-asta, hech qanday bosimlarsiz, juda yaqin insonlardek gaplashdik.
Muomalalaridan u kishi haqiqatan ham vazirlik lavozimiga munosib ekanliklarini bildim. Ovozlarini ko‘tarmasdan, darrov masalaga o‘tmasdan, og‘irlik va bosiqlik bilan bizni tingladilar. Oyim ayriliq azobidan yig‘lab yubordilar. Men ham farzand bo‘lib, onamning yonlarida turibman, ammo oilada ota o‘rnini bosib bo‘lmas ekan.
Alisher aka, bizga hamdard bo‘lgan holda, “hozir butun dunyoda pandemiya ketayotganini, ammo o‘lim ko‘rsatkichlari boshqa davlatlarga qaraganda bizda ancha ijobiy ekanini”, aytdilar. Bundan tashqari, shifokorlarimizning mehnatini ham alohida e’tirof etib o‘tdilar. Shu bilan birga mendan kelajakdagi orzularim, rejalarim haqida ham so‘radilar.
O‘zim Toshkent davlat pediatriya institutining 3-kurs magistratura bitiruvchisiman. Otam ilmiy ish qila olmaganlar, meni esa ilmiy ish qilishimni juda xohlagan edilar. Shu sabab mana shu ilm yo‘liga yo‘naltirganlar. Kelayotgan avgust oyida rektorimiz chaqirib, bizga stajirovka berishadi va shu orqali endi ish boshlayman. Shu gaplarimning barchasini Alisher Shodmonovga yetkazdim.
U kishi rektorimiz bilan bog‘lanib, men haqimda u kishiga yaxshi ta’rif berdilar. Dimplomimni yoqlashimga, buning uchun mavzu tanlashda o‘zlari yordam beradigan bo‘ldilar. Men u kishiga magistraturada o‘qiyotgan talabalar va bu bosqichni bitirganlarning rejasi, ya’ni ko‘proq stajirovkani yo‘lga qo‘yish, xorijlik hamkasblar bilan aloqalar qilib turish haqidagi fikrlarimni qo‘llab-quvvatladilar.
Otam uchun beriladigan kompensatsiya masalasiga to‘xtalar ekan, vazir ikki kun ichida bu masalani maksimum hal etilishini aytdilar. Mutassaddilar bugunning o‘zida ushbu mablag‘ni yetkazib berishdi. U kishi bilan muammo va kamchiliklarni birga hal etamiz degan xulosaga keldik. Kerakli yordam ko‘rsatamiz va bu kabi holatlarga boshqa yo‘l qo‘yilmaydi, barchasini o‘z nazoratimga olaman dedilar.
Ijtimoiy tarmoqlarda aytgan gaplarimdan maqsad O‘zbekistonning siyosatiga aralashish yoki qoralash emas. Shu Vatanda o‘sdim, shu yurtda tahsil oldim. Kamchiliklarimizni oshkor qilib, muammolarni o‘z vaqtida ko‘tarib chiqsak, kamchiliklarimiz yo‘qotiladi, degan maqsadda gapirdim.
Juda tushkun holatga tushib qolgan edim. Ammo vazirimizning o‘zlari kelganidan so‘ng, ruhiyatim ko‘tarildi. Birgina gapim bilan rektorimizga qo‘ng‘iroq qilib, ilmiy ish qilishimga yo‘naltirdilar. Ertaga o‘z ilmim va izlanishlarim bilan menga ishonch bildirgan barchaning, davlatimizning, Prezidentimizning yuzini yorug‘ qilishga, O‘zbekistonimizga xizmat qilishga va’da beraman.
Ana shunday og‘ir vaziyatda fuqarolar dardini tinglayotgan Prezidentimizga rahmatimni yetkazing.
LiveBarchasi