“Men uchun shok bo‘ldi”. Ronalduning onasi mojaro haqida garirdi

Sport

−

image

Krishtianu Ronalduning onasi Dolores Aveyru faoliyati davomida ham mamlakati, ham milliy terma jamoasi uchun katta hissa qo‘shgan futbolchiga Portugaliyadagi munosabatni adolatsiz deb hisoblaydi. Bu haqda Aveyru “TV7 Dias” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Men xafa bo‘ldim, bu tabiiy holat. Bu men uchun shok bo‘ldi. O‘g‘lim terma jamoani old eshikdan chiqib tark etishi mumkin edi, ammo u orqa eshikdan chiqib ketdi. Lekin bu ham mayli, hammasini Xudo hal qiladi. Men biroz yig‘ladim. U bilan birinchi marta telefonda gaplashganimizda, unga tinchlanishni aytdim. Ammo u o‘z qarorini qabul qildi. Shunday bo‘lsa-da, u Portugaliya uchun juda ko‘p ish qildi. U doimo mamlakat qahramoni bo‘lgan, lekin munosib darajada qadrlanmagan”, deydi Dolores Aveyru.

Avvalroq, Ronaldu terma jamoa yig‘inini muddatidan oldin tark etgan edi. Futbolchining aytishicha, bunga Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Jorje Jezushning unga bergan va’dasini ikki marta buzgani sabab bo‘lgan.

Ronaldu Millatlar ligasining yangi mavsumida Uelsga qarshi o‘yinda (1:0) maydonga tushgan. Biroq Norvegiyaga qarshi bahsda (2:1) zaxirada qoldirilgan.

Futbolchining ta’kidlashicha, dastlab uning ushbu uchrashuvda maydonga tushishi rejalashtirilmagan. Ammo murabbiy undan o‘yinning 30 daqiqasida maydonga tushishga tayyor turishni so‘ragan va isinish uchun yuborgan. Shunga qaramay, Ronaldu o‘yin davomida zaxirada qolgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, murabbiy bu holatni uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida izohlashi kerak edi, ammo bunday qilmagan.

Keyinroq Ronaldu terma jamoadan ketish niyati yo‘qligini bildirgan. Shuningdek, Portugaliya futbol federatsiyasi unga nisbatan intizomiy chora qo‘llaganidan keyin ham terma jamoaga chaqirilishi mumkinligini aytgan.

Portugaliya futbol federatsiyasining intizomiy qoidalariga ko‘ra, terma jamoani ruxsatsiz tark etish bir oydan olti oygacha o‘yinlardan chetlatish va 500 yevrodan 1 000 yevrogacha jarimaga sabab bo‘lishi mumkin. Ronaldu o‘ziga munosib deb topilgan jazoni qabul qilishga tayyorligini bildirgan.

Ma’lumot uchun, 41 yoshli Ronaldu besh karra Chempionlar ligasi g‘olibi, Yevropa chempioni va ikki karra Millatlar ligasi g‘olibidir. U milliy terma jamoalar, Yevropa chempionatlari, Chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi gollar soni bo‘yicha bir qator rekordlarga ega.

Futbolchi 2022 yil dekabr oyidan buyon Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubida to‘p surmoqda. U faoliyati davomida jami 979 ta gol urgan. Shundan 146 tasi Portugaliya terma jamoasi, 833 tasi esa klublar safida kiritilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing