Men avvalgilardek xoin emasman – Japarov oldingi Prezidentlar yerlarni berib yuborganini aytdi

Olam

image

Qirg‘izistonliklar har bir qarich yeri uchun so‘nggi tomchi qoni qolguncha kurashishi kerak. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov “Kabar” davlat agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning qayd etishicha, hozirgi hokimiyat avvalgi Prezidentlar bergan yerlarni qaytarib olmoqda.

“Men avvalgilardek yerlardan voz kechib, chegara masalasini hal qiladigan xoin emasman. Biz har qarich yer uchun oxirgi tomchi qonimizgacha kurashishimiz kerak. Qirg‘izistonning yeri birovning mulki emas. Ota-bobolarimiz yer uchun jonlarini ayamagan, bundan afsuslanmaymiz. Kelajak avlod ham bunday qilmasligi kerak. Negaki, biz bu yerni kelajak avlodga qoldirish maqsadida ota-bobolarimizdan qarz sifatida olganmiz. Bu yer meniki yo sizniki emas. Bu ming yillar davomida yashaydigan qirg‘iz xalqining kelajak avlodlari zamini”, deydi Japarov.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 sentyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qilib, qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat yuzasidan fikr almashgan.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida mojaro

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat 14 sentyabr kuni Botken viloyatidagi uchta uchastkada chegarachilar o‘rtasida otishma boshlanganidan keyin keskinlashdi. Tomonlar bir necha bor o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olganiga qaramay, kelishuvlar har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Qirg‘iziston rasmiylari Tojikistonni chegaraga og‘ir harbiy texnikani tortib kelishda va Qirg‘iziston hududini o‘qqa tutishda “barcha mavjud arsenaldan” foydalanganlikda aybladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘qnashuv zonasidan 136 ming kishi evakuatsiya qilingani, Botken viloyatida favqulodda holat rejimi joriy etilganini haqida ma’lum qildi. 

Ayni paytda Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini “og‘ir qurollardan” o‘qqa tutishda aybladi. Hozirda ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni chegara hududidan olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilmoqda. To‘qnashuvlarni yakunlash uchun Qirg‘iziston va Tojikiston maxsus xizmatlari rahbarlari protokol imzoladi. Hujjat uchta bandni o‘z ichiga olgan.

Ikki davlat chegarasida 70 ga yaqin bahsli uchastkada belgi qo‘yilmagani sababli muntazam ravishda mojarolar chiqib turadi. Umuman olganda, 2022 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakat chegaralarining 972 kilometridan 600 kilometrga yaqini kelishilgan.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

152

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing