Meloni va Makron Orbanni fikrini o‘zgartirishga ko‘ndirgan – OAV
Olam
−
03 fevral 2024
5162Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Vengriya hukumati rahbari Viktor Orbanni Yevropa Ittifoqi tomonidan Kiyevga 50 milliard dollar yordam ajratishga rozi bo‘lishga ko‘ndirgan. Bu haqda diplomatik manbalarga tayanib, “Politico” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Makron Orban bilan muzokaralarda asosiy rol o‘ynagan. Fransiya rahbari Vengriya Bosh vaziriga qarshi chiqishni rejalashtirmagan, balki uni o‘z tomoniga jalb qilmoqchi bo‘lgan. U yanvar oyida Orbanni Yelisey saroyida tushlik qilishga taklif qilgan va Sharqiy Yevropa mamlakatlarini integratsiya qilish yuzasidan fikr almashgan.
O‘z navbatida, Meloni Orbanni ko‘ndirishga qaratilgan ishlarini o‘tgan yilning dekabr oyida Vengriya YeIning Kiyevga yordamiga veto qo‘yishidan oldin amalga oshira boshlagan. U vengriyalik mavqedoshi bilan telefon orqali gaplashgan, Bryusseldagi hashamatli "Amigo" mehmonxonasida uchrashgan va yana sammit kuni ertalab ham suhbatlashgan.
Manbaga ko‘ra, bu "jozibali hujum" Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishelga zudlik bilan sammitni chaqirishga va uzoq kutilgan kelishuvni e’lon qilishga yordam bergan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 15 dekabr kuni Vengriya Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida uzoq muddatli byudjet yordami dasturi to‘g‘risidagi YeI qaroriga veto qo‘ygandi. Joriy yilning 1 fevral kuni Yevropa Ittifoqi a’zolari Kiyevga yordam bo‘yicha kelishuvga erishgani ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, Vengriya Yevropa Ittifoqi fondlaridagi muzlatilgan mablag‘lari Ukrainaga yuborilmasligi kafolatini oldi.
Azizbek Abdullayev
LiveBarchasi