Meloni kutilmaganda Saudiyaga bordi (video)
Olam
−
15:35 2445 2 daqiqa
Kecha, 3 aprel kuni Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni AQSH, Isroil va Eron ishtirokidagi harbiy mojaro boshlanganidan beri mintaqaga tashrif buyurgan birinchi g‘arb yetakchisi sifatida Fors ko‘rfazi mamlakatlariga e’lon qilinmagan tashrifini amalga oshirdi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, safarning birinchi manzili Saudiya Arabistoni bo‘lgan. Italiya hukumati rahbari Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarga ham tashrif buyurib, u yerda neft bozoridagi beqarorlik fonida Italiyaning energetika xavfsizligini mustahkamlash hamda mintaqa davlatlari bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilishni rejalashtirgan.
“Meloni davom etayotgan hujumlar fonida Fors ko‘rfazi davlatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirmoqchi”, deyiladi xabarda.
Vena ta’minot zanjirlari tahlili instituti va Delft universiteti hisobotiga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovining buzilishi tufayli Italiya Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida eng ko‘p zarar ko‘rgan. Jahon neft ta’minoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu yo‘nalishda navigatsiyaning cheklanishi energiya resurslari narxining oshishiga va yetkazib berishda uzilishlarga olib keldi.
Shu munosabat bilan Rim BMT shafeligida muhim mahsulotlar yetkazib berishni ta’minlash uchun Hormuz bo‘g‘ozida “insonparvarlik koridori”ni yaratish tashabbusi bilan chiqdi.
Bungacha AQSH Prezidenti Donald Tramp Yevropa davlatlarini mintaqaga harbiy kemalar yuborishga chaqirgan edi, biroq bu tashabbus qo‘llab-quvvatlanmadi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kemalar qatnovini harbiy yo‘l bilan tiklash ehtimoli pastligini aytib, Eron bilan muzokaralar o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi sababli neft va o‘g‘it narxi ko‘tarilishi fonida insoniyat tubsizlik yoqasiga kelib qolganini aytgandi.
Live
Barchasi