Melaniya Tramp turmush o‘rtog‘ini maqtovlar bilan siyladi

Olam

image

AQSHning birinchi xonimi Melaniya Tramp Respublikachilar partiyasining milliy qurultoyida so‘zga chiqib, Sloveniyadagi bolaligi va Amerikaga ko‘chib o‘tish orzusi haqida gapirdi. 

“Men Sloveniyada kommunistlar hukmronlik qilayotgan bir paytda katta bo‘lganman, o‘sha paytlarda erkinlik va imkoniyatlarga boy bo‘lgan Amerika degan joy haqida ko‘p eshitardim. Yoshim katta bo‘lgani sari, AQSHga ko‘chib o‘tib, moda industriyasida ishlashni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yar edim”, dedi Amerika Birinchi xonimi.

Bolalikdagi orzusi amalga oshib, Amerikaga kelgan Melaniya okeanortidagi hayoti haqida to‘xtalib, “amerikalik” bo‘lish uchun ancha sarson bo‘lganini ham aytib o‘tdi.

“Men Qo‘shma Shtatlarga 26 yoshimda kelganman. Imkoniyatlar o‘lkasida yashash va ishlash bu orzularim ro‘yobi edi. Ammo men ko‘proq narsani xohlar edim. Istagim mamlakat fuqarosi bo‘lish edi. O‘n yillik sabr va qog‘ozbozlik ishlaridan so‘ng, 2006 yilda test jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rdim va natijada AQSH fuqarosi bo‘ldim. Mehnatim va qat’iyatim natijasida bu orzuimga erishganim meni haligacha g‘ururlantiradi”, deya davom etdi mamlakatning birinchi xonimi. 

Donald Tramp doim samimiy 

Melaniya turmush o‘rtog‘i Donald Trampni ko‘plab rasmiy tashrif va marosimlarda noqulay ahvolga solishiga qaramay, uni prezidentlik musobaqasida qo‘llashini ko‘rsatdi. Birinchi xonim turmush o‘rtog‘i o‘ylagan narsasini hech qachon yashirib o‘tirmasligini, chunki uning samimiyligini va Vatanini sevishini urg‘uladi.

“Biz fuqarolarning Prezidentimizda hurmat qiladigan jihatlardan biri bu uning mutlaqo halolligi. Sizga yoqadimi, yo‘qmi lekin uning nima o‘ylayotgani haqida doim bila olasiz. U o‘z mamlakati va xalqini sevadi, va uni yanada rivojlantirishni istaydi. U bizning mamlakatimiz uchun eng yaxshi tanlov”, dedi Melaniya og‘zidan bol tomib. 

AQSH Respublikachilar partiyasining Milliy Kongressi bu yil 24-27 avgust kunlari bo‘lib o‘tdi. Birinchi xonimning nutqi partiya mitingining ikkinchi kunidagi asosiy voqea bo‘ldi. U Oq uy oldida jonli auditoriya ishtirokida o‘tkazildi. Yig‘ilganlar orasida Prezident Donald Tramp ham bor edi.

Eslatib o‘tamiz, AQSHda joriy yilning 3 noyabr kuni prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Unda amaldagi davlat rahbari Donald Tramp va Demokratlar partiyasidan bo‘lgan Jozef Bayden (Jo Bayden) mamlakat prezidentligi uchun bellashadi.

Rushanabonu Sultonova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

140

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing