Meksikadan Trampga o‘z uslubida javob. Sheynbaum AQSHning nomini o‘zgartirmoqchi (video)
Olam
−
10:55
8299Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning Meksika ko‘rfazini Amerika ko‘rfazi deb o‘zgartirish haqidagi bayonotiga javoban Amerika Qo‘shma Shtatlarini “América Mexicana”, ya’ni “Meksika Amerikasi” deb atashni taklif qildi. Bu haqda NBC News xabar berdi.
“Meksika ko‘rfazi – bu BMT tomonidan tan olingan nom. Lekin nega biz qit’ani "Meksika Amerikasi" deb atamasligimiz kerak? Bu chiroyli yangraydi, to‘g‘rimi?” dedi respublika rahbari kundalik matbuot anjumanida.
Uning fikricha, bu taklif tarixiy asosga ega. Xususan, Sheynbaum 1607 yilga oid tarixiy xaritani dalil sifatida keltirgan. Ushbu xarita Dutch Ost-India kompaniyasi buyurtmasiga ko‘ra yaratilgan bo‘lib, unda zamonaviy AQSH hududi “Meksika Amerikasi” sifatida ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, 1814 yilda Apatsingan-de-la-Konstituson shahrida imzolangan birinchi Meksika konstitutsiyasida ham aynan “Meksika Amerikasi”ning mustaqilligi e’lon qilingan.
Ma’lumot uchun, AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp joriy yilning 7 yanvar kuni Meksika ko‘rfazini Amerika ko‘rfazi deb qayta nomlash niyatida ekanini ma’lum qilgandi. Tramp o‘z bayonotida Meksikaning migratsiya siyosatini tanqid qilib, mamlakatni AQSHga kirib kelayotgan migrantlar va giyohvand moddalar oqimini yetarlicha nazorat qilmaslikda ayblagan.
Sheynbaum esa Tramp rasmiy ravishda AQSH Prezidenti lavozimini egallashini kutish lozimligini ta’kidlagan.
“Men prezident Tramp bilan munosabatlar yaxshi bo‘lishiga ishonishda davom etaman”, deydi Meksika rahbari.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp bungacha bir necha bor Kanada va Grenlandiya, shuningdek Panama kanaliga oid hududiy da’volar haqida gapirgan edi. Xususan, u kecha, 8 yanvar kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kanada bilan biriktirilgan xaritasini taqdim etgandi.