Meksikadagi tartibsizliklar fonida qamoqxonalardan mahbuslar qochib ketdi

Olam

image

Bugun, 24 fevral kuni Meksikaning Xalisko shtatida joylashgan qamoqxonalardan birida yuzaga kelgan qurolli hujum va tartibsizliklar oqibatida 23 nafar mahbus qochib ketdi. Bu haqda “Daily Express” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa “Xalisko yangi avlod” karteli yetakchisi sifatida tanilgan narkobaron “El Mencho”ning o‘ldirilganidan keyin sodir bo‘lgan.

Shtat jamoat xavfsizligi kotibining ma’lum qilishicha, mahbuslarning sheriklari qamoqxona hududiga tashqaridan hujum uyushtirgan. Ular avval muassasa binosini o‘qqa tutgan, so‘ng avtomobil yordamida asosiy darvozani buzib kirgan. Natijada qamoqxona hududida qurolli to‘qnashuv boshlangan.

Otishma chog‘ida qamoqxona qo‘riqchilaridan biri halok bo‘lgan. Rasmiylar hodisa yuzasidan keng ko‘lamli qidiruv amaliyoti boshlanganini, qochgan mahbuslarni qo‘lga olish uchun xavfsizlik kuchlari safarbar etilganini bildirgan.

“El Mencho”ning o‘limi ortidan Xalisko shtatida hamda mamlakatning boshqa hududlarida vaziyat keskinligicha qolmoqda. Meksika hukumati tartibsizliklar fonida Xaliskoga qo‘shimcha ravishda 2 ming nafar harbiy xizmatchi yuborganini ma’lum qilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning turli hududlarida yuzaga kelgan qurolli to‘qnashuvlar natijasida qariyb 60 kishi halok bo‘lgan. Ularning 30 nafari jinoiy guruh a’zolari ekani qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikadagi eng yirik narkokartellardan biri, “El Mencho” nomi bilan tanilgan Nemesio Osegera Servantesning o‘ldirilishi ortidan mamlakatda ulkan tartibsizliklar boshlangandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Meksika mahbus jinoiy guruh “El' Mencho” Xalisko shtati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing