Meksikada narkokartel va politsiya to‘qnashuvida 19 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
23 Oktabr
3052Meksikaning Sinaloa shtatida narkokartel va mahalliy huquq-tartibot idoralari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida 19 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Meksika Milliy mudofaa kotibiyati (SEDENA) xabar berdi.
Qayd etilishicha, mahalliy huquq-tartibot idoralari operatsiya davomida Meksikaning Tinch okeani janubiy qirg‘og‘i karteli fraksiyasiga aloqador bo‘lgan yacheyka rahbari Edvin Antonioni hibsga olgan. Operatsiya davomida politsiyaga narkotik kartelining 30 dan ortiq a’zosi hujum qilgan.
“Hodisa davomida yuqorida tilga olingan 30 dan ortiq kishining harbiy xizmatchilarga hujumi qayd etildi. Oqibatda 19 nafar hujumchi o‘ldirildi, qolganlari qochib ketdi”, deyiladi xabarda.
Bayonotda, shuningdek, giyohvand moddalar karteli boshlig‘ini qo‘lga olish chog‘ida politsiya tomonidan to‘rtta pulemyot, bitta Barrett M82 yirik kalibrli snayper miltig‘i va yettita avtomashina musodara qilingani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, Meksikaning Sinaloa shtati hukumati kartellar o‘rtasidagi ko‘cha jangi va mintaqadagi xavfsizlik amaliyotlari tufayli sentyabr oyida mamlakat mustaqillik kunlarini nishonlashning barcha tadbirlarini bekor qilgandi. Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Sinaloaning turli hududlarida mahalliy kartelning ikki qanoti – narkobaron Shorti bolalari boshchiligidagi Los Chapitos va yaqinda hibsga olingan Ismoil Zambada boshchiligidagi Los-Mayos jangarilari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan.
Sinaloada tartibni saqlash uchun katta armiya kontingenti va milliy gvardiya bo‘linmalari joylashtirildi. Meksika Mudofaa vaziri Luia Kresensio Sandovalning so‘zlariga ko‘ra, shtat poytaxti Kuliakanda tartibni saqlash bilan turli qurolli kuchlarning 2,2 ming xodimi faoliyat olib bormoqda.
LiveBarchasi