Medvedev Rossiya gaz bilan Yevropani yo‘rig‘iga yuritmoqchiligini tan oldi

Olam

image

Rossiya gazini Yevropaga yetkazib berishdagi qiyinchiliklar rasmiy Moskvaga qarshi olib borilayotgan urushning bir qismi sifatida baholanishi mumkin. Bu haqda RF Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Fransiyaning LCI telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya gazini Yevropaga yetkazib berish bilan bog‘liq hozirgi vaziyat “aslida hozir mamlakatimizga qarshi olib borilayotgan urushning bir qismidir”. Uning qo‘shimcha qilishicha, “bu mojaroning yana bir jihati”.

“Biz Yevropaga gaz yetkazib berishdan hech qachon bosh tortmaganmiz. Biz “Shimoliy oqim 2”ni qurdik, barcha majburiyatlarimizni bajardik, biroq bizga gazimiz kerak emasligini aytishdi, bundan tashqari, biz yevro va dollarda to‘lay olmaymiz, chunki hozir sizning banklaringiz bilan vakillik aloqalarini to‘xtatyapmiz. Bu holatda biz uchun yagona imkoniyat bu – rubldan to‘lov vositasi sifatida foydalanish degan qarorga keldik. Ya’ni, bu G‘arb tomonidan boshlangan sanksiyalar urushining oqibatlari”, deb tushuntirgan Medvedev.

Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashi rahbarining o‘rinbosari, agar G‘arb to‘g‘anoq bo‘lmasa, Rossiya Yevropaga shartnomadagi hajmlarda gaz yetkazib berishga tayyorligiga ishontirgan.

“Biz shartnomada belgilangan hajmlarda gaz yetkazib berishga tayyormiz. Lekin, albatta, bu G‘arb davlatlarining pozitsiyasiga, Yevropa davlatlarining pozitsiyasiga bog‘liq bo‘ladi. Agar ular bizning qo‘limizni qayirishsa, to‘lovlarni taqiqlasa yoki ta’mirlangan turbinalarni yetkazib berishdan yoki “Shimoliy oqim 2”ni ishga tushirishdan bosh tortsa, ta’minot G‘arb davlatlari umid qilayotgan hajmda bo‘lmaydi”, deya Medvedev shart qo‘ygan.

Uning eslatishicha, Rossiya o‘n yillar davomida G‘arb iste’molchilarini gaz bilan ta’minlab kelmoqda.

“Yevropa baxtli edi, biz ham baxtli edik. Shunday qilib, munosabatlar pragmatik bo‘lishi kerak. Ammo endi Yevropa Amerika siyosati ta’siriga tushib qoldi”, deydi siyosatchi.

Shu bilan birga, Medvedev AQSHning sobiq Prezidenti Donald Trampning Amerika suyultirilgan gazini Yevropa davlatlariga yetkazib berishni taklif qilgan loyihasini eslagan.

“Bu juda qimmat, bu deyarli imkonsiz. Ammo hozir Yevropa bu variantni jiddiy ko‘rib chiqadigan darajaga yetdi. Quvurli gaz ancha arzon, suyultirilgan gaz esa juda qimmat. Vaziyat shu darajaga yetdiki, kansler Shols suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Kanadaga borib, o‘z istagini Rossiyadan ko‘ra demokratik, yaqin mamlakatda gaz sotib olish yaxshiroq ekanligi bilan izohladi. Qo‘yavering, sotib olaversin”, deya xulosa qilgan Medvedev.


Maqola muallifi

Teglar

Dmitriy Medvedev

Baholaganlar

497

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing