Medvedev G‘arb qo‘llagan sanksiyalarga qarshi keskin fikr bildirdi

Olam

image

Rossiya iqtisodiyoti sanksiyalar tufayli qulab tushmaydi. Bu haqda mamlakat Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avval joriy qilingan sanksiyalar Rossiyaga faqat yaxshilik uchun xizmat qilgan. Chunki shu sabab mamlakat import o‘rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor bergan.

“Rossiyaga kiritilgan sanksiyalar dahshatli emas, biz bularning barchasini SSSR davrida va 2008, 2014, 2018 yillarda boshdan kechirganmiz. Raqiblarimiz tez orada o‘zlari muzokara stoliga qaytishadi”, deydi u.

Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, Rossiya taraqqiyotini cheklab, uning fuqarolari hayotini barbod qilishga urinayotganlar hali qilmishidan bir necha bor pushaymon bo‘ladi.

“Biz ishlab chiqarishni rivojlantirishimiz kerak. Vazifa hozirgi sharoitda qiyin, lekin amalga oshirish mumkin, ayniqsa, birdamlik og‘ir yillarda bizga doimo yordam bergan”, deydi u.

Medvedevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bozoridan chiqishlarini e’lon qilgan G‘arb kompaniyalari aslida qaytish haqida o‘ylamoqda. Ular hukumatlarining bosimi ostida Rossiyani tark etishga majbur bo‘lgan. 

“Rossiya, Xitoy, Afrika va Osiyosiz G‘arb davlatlari “oltin milliardlar” emas, balki, “cheksiz okeandagi mayda orollar”dir. Kim kimni izolyatsiya qilmoqda — asosiy savol hozir shu”, deydi Rossiya rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, mamlakat Prezidenti Vladimir Putin ham sobiq sovet respublikalari ittifoqi har doim sanksiyalar ostida yashagani va ulkan muvaffaqiyatlarga erishganini aytgan edi.

Ma’lumot uchun, G‘arb mamlakatlari Ukrainada boshlangan urushga javoban Rossiyani har tomondan siquvga olib, og‘ir sanksiyalarni qo‘llay boshladi. Rubl kursi quladi, Rossiya banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. Markaziy bankning xorijdagi oltin-valyuta zaxiralari bloklandi. Millarderlarning ham chet eldagi ko‘plab hisoblari muzlatildi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Bunday sanksiyalarga Rossiya ham jim qarab turmayapti. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi kecha, 15 mart kuni AQSHga qarshi javob sanksiyalarni e’lon qildi. Moskva “qora ro‘yxat”ga AQSH Prezidenti Jo Bayden, Davlat kotibi Entoni Blinken, Mudofaa vaziri Lloyd Ostin, AQSH Prezidentining o‘g‘li Xanter Bayden va boshqalarni kiritgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

220

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing