Mebel zavodida qul qilib ishlatilgan o‘zbekistonliklar qutqarildi

Jamiyat

image

Rossiyada mebel zavodida qul qilib ishlatilgan besh nafar O‘zbekiston fuqarosi qutqarilib, mamlakatga qaytarildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekistonlik besh kishi kuzning oxirida Rossiyaga ishlashga yo‘l olgan. Bunga o‘sha yerda ishlayotgan R. ismli shaxsning “yaxshi ish bor, maoshi ham ancha yuqori, kelib ishlasangiz yordam beraman”, degan gaplari sabab bo‘lgan.

Ryazan shahriga yetib borgan o‘zbekistonliklar o‘sha tanish kishiga ro‘yxatdan o‘tish va ishlashga ruxsatnoma olish uchun pasportlarini bergan. U esa yigitlarni mebel fabrikasiga olib borgan. Yigitlar shu yerdagi ishchilar yotoqxonasiga joylashgach, ish boshlagan.

Oradan oylar o‘tsa hamki, o‘zbekistonlik yigitlar hujjatlarini olmagani yetmaganday, ularga ish haqi ham berilmaydi. Bundan norozi bo‘lib, ular fabrikani tark etishga urinadi. Biroq, bu samarasiz ketadi. Chunki ular “tekin ishchi kuchi”ni majburan orqaga qaytarishadi.

Ikki oydan keyin ular boshqa yerga, ya’ni Penzadagi fabrikalardan biriga olib boriladi. Bu yerda ham ular fabrika va yotoqxona o‘rtasida borib-kelib, ishlashga majbur etiladi.

Ammo ko‘chish qul qilib ishlatilayotgan yigitlardan biri qarindoshiga xabar berishga muvaffaq bo‘ladi. U esa yigitlarni qutqarish chorasini izlay boshlaydi. Nihoyat u O‘zbekiston Respublikasi “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi “Dolzarb aloqa tarmog‘i” - 951439494 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntiradi.

O‘z navbatida, “Istiqbolli avlod” Rossiyadagi hamkori bo‘lgan “Alternativa” ko‘ngillilar harakatiga yordam so‘rab murojaat qildi.

“Alternativa” ko‘ngillilari o‘zbekistonliklar majburan ishlatilayotgan fabrikaga borib, ularni qutqarishga muvaffaq bo‘ldi.

Ko‘ngillilar o‘zbekistonliklarga vaqtinchalik hujjat tayyorlab, ularni qaytarish choralarini ko‘rdi. Nihoyat, aldanib qullikka mahkum etilgan yigitlar ozod bo‘lib, O‘zbekistonga qaytdi.

“Istiqbolli avlod” yordam so‘rab murojaat qilayotgan kishilar haqidagi ma’lumotlar ularning sha’ni, qadr va qimmati nuqtai nazaridan sir tutilishini inobatga olib, yigitlarning shaxsi haqida ma’lumot bermagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya qullik Istiqbolli avlod

Baholaganlar

100

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing