Mehrob muqaddas joy – Musulmonlar idorasi imom-xatiblar ogohlantirilganini ma’lum qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning kuni kecha matbuot anjumanida aytgan, “Odamlar xohlasa dinga ishonadi, xohlamasa yo‘q. Balki tarki dunyo qilib yashashni tanlar. Bu har bir odamning konstitutsiyaviy huquqi. Shu sababli ham qonunda belgilangan huquqlar, qonunda belgilangan kafolatlarni ijtimoiy maqomidan qat’i nazar, chiqib inkor qila olmaydi. Bu signalni barcha diniy tashkilot va domlalarimizga yetkazishni istardik”, degan gaplari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Bunga “Bodomzor” jome masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov javob qilib, “Bir-ikki ahli ilm qattiq hissiyotga berilib, gapirgani bilan butun imomlarni da’vat yo‘lini to‘sishga kim vakolat berdi u odamga”, deb chiqdi.

Ayni muhokamasi to‘xtamayotgan masala yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy munosabat bilan chiqdi.

Unda qayd etilishicha, alohida diniy xodimlarning shaxsiy fikri O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy munosabatini ifoda etmaydi.

“Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etishni O‘zbekiston musulmonlari idorasi doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Ayni vaqtda diniy soha xodimlari ham o‘rnatilgan qonun-qoidalarga so‘zsiz amal qilib keladilar va shunday bo‘lib qoladi.

Avval ma’lum qilinganidek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ichki me’yoriy hujjatlari va buyruqlarida diniy soha xodimlariga jamoat oldida, ommaviy axborot vositalarida salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab bo‘luvchi chiqishlar qilmaslik talabi qat’iy belgilangan.

Zero, mehrob muqaddas joy bo‘lib, bu yerda voizning shaxsiy talqini asosida bildirilgan fikrlar dindorlar tomonidan fatvo sifatida qabul qilinadi”, deyiladi O‘MI axborotida.

Shu munosabat bilan bugun, 17 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Odob-axloq komissiyasi chaqirilib, so‘nggi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan masalalar ko‘rib chiqilgan.

Yig‘ilishda imom-xatiblarga jamiyatda ixtilof keltirib chiqaruvchi mavzularni masjid mehrobida turib muhokama qilmaslik, va’z-nasihatlarda odob-axloq, diniy-ma’rifiy qadriyatlarni asrab-avaylash, ibodatlarni to‘g‘ri va mukammal ado etish bo‘yicha mo‘min-musulmonlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish haqida tushuntirish berilgan.

“O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi barcha masjid xodimlari el-yurt manfaati va farovonligi yo‘lida muqaddas dinimiz buyurgan amri ma’ruf va nahyi munkarda, jumladan, jamiyatda uchrab turadigan ayrim ijtimoiy illatlarga qarshi ma’rifiy targ‘ibot olib borishda bardavom ekanini ma’lum qiladi hamda ushbu yo‘nalishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik munosabatlari mavjudligini ta’kidlaydi.

Buning yorqin dalili sifatida shu kunlarda taniqli ulamolarimiz Toshkent shahridagi masjidlar va boshqa turli tashkilotlarda amalga oshirayotgan ma’rifiy-tarbiyaviy suhbatlarni misol keltirish mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini jamoaviy va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda amaldagi qonunchilikka rioya etishga, amri ma’ruf va nahyi munkarni Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlari asosida olib borishga chaqiradi. Fuqarolardan esa bunday mavzularni g‘arazli maqsadlarda ijtimoiy tarmoqlarda ommalashtirmaslikni so‘raydi”, deyiladi idora munosabatida.

Avvalroq, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita muhokama bo‘layotgan mavzu yuzasidan fuqarolarga murojaat bilan chiqqandi.


Maqola muallifi

Teglar

Musulmonlar idorasi

Baholaganlar

583

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing