Toshkentda besh yulduzli mehmonxona yonib ketdi
Jamiyat
−
16 Oktabr
14564
Avvalroq, Toshkent shahrining Mirobod tumani hududida joylashgan mehmonxonada yong‘in chiqqani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi munosabat bildirib, yong‘in o‘chirilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugun, 16 oktyabr kuni soat 17:17 da Toshkent shahar, Mirobod tumani, Shahrisabz ko‘chasida joylashgan mehmonxonalardan birining rekonstruksiya qilinayotgan binosining tom qismida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida FVBga xabar tushgan. Shunga ko‘ra, 14 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 17:24 da yetib borib, yong‘in soat 18:19 da qurshab olingan va soat 19:16 da bartaraf etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov hamda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar boshqarmalari, Milliy gvardiya va prokuratura rahbariyati voqea joyiga yetib borgan va yong‘inni bartaraf etish jarayonini to‘liq nazorat qilgan.
“Yong‘in oqibatida tan jarohati olgan va vafot etgan fuqarolar to‘g‘risida xabar kelib tushmadi. Hozirda yong‘in sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda”, deyiladi xabarda.