MDH jamoatchiligi Saida Mirziyoyevaning tashabbusini qo‘llab-quvvatlamoqda
Olam
−
22 dekabr 2022
7550O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident Administratsiyasi ijro etuvchi apparatining kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyevaning jamiyatda o‘qituvchilar obro‘sini oshirish, ularni o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga majburlashga qarshi kurashish, o‘qituvchilar daromadini ko‘paytirish haqidagi aytgan fikrlari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Xususan, Rossiya Federatsiyasi jamoatchiligi, deputatlar va ziyolilar Mirziyoyevaning fikrlariga faol hamfikr bo‘lmoqda. Uning aytganlarini Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi spikeri o‘rinbosari Boris Chernishov hamda deputat Artyom Kiryanov yoqlab chiqdi. Kiryanov o‘zining Telegram sahifasida shunday yozgan:
“O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi ijro apparati vakili Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilardan xizmatkor sifatida foydalanishni bas qilishni taklif qilgan nutqini ko‘rdim. Uning gaplari barcha hududlarda faol aks sado berdi. Bu esa ramziy ma’noga ega, chunki kelgusi yilni “Ustoz va murabbiylar yili” deb e’lon qildik.
Agar biz Rossiya tarixini eslasak, unda mamlakatimizda o‘qituvchilik kasbi har doim eng hurmatli va inqilobdan oldin ham u eng yuqori maoshli kasblardan biri bo‘lgan. O‘qituvchi o‘quvchilar uchun ham, ota-onalar uchun ham hurmatli edi. Va bu to‘g‘ri bo‘lgan, chunki aslida aynan o‘qituvchilar umumiy kelajagimizni shakllantiradilar, yosh avlodga ma’naviy-axloqiy tarbiya asoslarini yaratadilar. Ammo keyin, qandaydir tarzda jamiyat uchun mutlaqo sezilmaydigan bo‘lib, ta’lim va tarbiyadan o‘quv xizmatlarini ko‘rsatishga o‘tish sodir bo‘ldi. Shunga ko‘ra o‘qituvchiga munosabat ham o‘zgardi. Endi buni tuzatish vaqti keldi. O‘zbekistonlik hamkasblarimni qo‘llab-quvvatlayman. Hozirgi muammolarga mukammal yechim”.
Rossiya Dumasi vitse-spikeri Boris Chernishovga ko‘ra, Mirziyoyeva ko‘rsatgan tashabbus nafaqat O‘zbekiston, balki Rossiyadagi o‘qituvchilar uchun ham muhim.
“Rossiyada O‘qituvchi va murabbiy yili arafasida bu masalalar mamlakatimiz uchun ham dolzarbdir. Biz faxrimiz bo‘lgan o‘qituvchilarimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Shundagina rus ta’limini avvalgi buyukligiga qaytarishimiz mumkin”, deydi u.
O‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan aksiyaga taniqli sportchi Nikolay Valuyev ham qo‘shildi.
“O‘qituvchi, eng avvalo, o‘zining bevosita vazifasi – shogirdidan barkamol shaxs tarbiyalash bilan shug‘ullanishi kerak. Agar murabbiyim menga vaqt ajratish o‘rniga qandaydir keraksiz ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganida, bundan hech qanday yaxshilik chiqmasdi, deb o‘ylayman. Shuning uchun men Saidani to‘liq qo‘llab-quvvatlayman”, degan u.
Qo‘shni Qirg‘izistonda ham o‘qituvchilardan mardikordek foydalanish “an’ana”si yo‘q emas. Shu bois Mirziyoyeva aytgan gaplar Bishkekda ham jiddiy e’tibor qozondi. Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi deputati Baxridin Shabazov Mirziyoyevaning tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
U o‘qituvchilarni bevosita o‘z ishiga aloqador bo‘lmagan ishlarga majburlaganlar uchun Qirg‘izistonda ham ma’muriy, hatto jinoiy javobgarlik ham joriy etilishi kerakligiga ishonishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 17 dekabr kuni “Zakovat” intellektual olimpiadasi doirasida breyn-ring o‘yinlari finalida o‘qituvchilar haqida shunday degan edi:
“Afsuski, farzandlarimizga ta’lim berayotgan o‘qituvchilar yillar davomida haq-huquqsiz, himoyasiz, qadrsiz bo‘ldi. Ulardan bog‘bon, farrosh, maktabga kelgan komissiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi ofitsiant, zerikarli tadbirlarda bo‘sh zallarni to‘ldiruvchi “massovka”, matbuot nashrlariga majburiy obunachi, tungi navbatchi va maktab qorovuli sifatida foydalanildi”, deydi Mirziyoyeva.
LiveBarchasi