MDH sammitida rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzilishi kutilmoqda
Olam
−
12 Oktabr 2023
5422Ertaga, 13 oktyabr kuni Bishkekda rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilotni tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolanishi rejalashtirilgan. Bu haqda Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.
“Hujjatlar orasida men faqatgina MDH davlatlari bilan cheklanib qolmaydigan rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzish bo‘yicha bitim imzolanishini alohida ta’kidlagan bo‘lardim”, deydi u.
Uning aytishicha, rus tilini dunyoda ommalashtirishga qaratilgan bunday hukumatlararo tuzilmani tashkil etish tashabbusi Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan ilgari surilgan.
“Shunday qilib, 13 oktyabrdagi uchrashuvdan so‘ng, mustaqil xalqaro tuzilma yaratiladi. Bu tuzilma o‘z maqsad va tamoyillariga mushtarak bo‘lgan barcha davlatlar uchun ochiq bo‘ladi”, deydi Rossiya Prezidenti yordamchisi.
Ma’lumot uchun, ertaga, 13 oktyabr kuni Qirg‘izistonda MDH Davlat rahbarlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tadi. Unda Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Prezidentlari ishtirok etadi. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan esa yig‘ilishda qatnashmaydi.
LiveBarchasi