MDH Hukumat rahbarlari Toshkentda yig‘iladi
Olam
−
26 Oktabr 2019
6498MDH hukumat rahbarlari 2020 yil 29 may kuni Toshkentda navbatdagi sammitda yig‘ilishi belgilab olindi. Bu haqda Hamdo‘stlik hukumat rahbarlarining Moskvadagi majlisi yakunlaridan so‘ng Belarus Bosh vaziri Sergey Rumas e’lon qildi.
Qisqa formatdagi yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi taklifi bilan Hamdo‘stlik hukumat boshliqlarining navbatdagi sammitini Toshkentda 2020 yil 29 may kuni o‘tkazishga kelishib olindi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
O‘zbekiston tashkilotdagi raislikni 2020 yildan e’tiboran Turkmanistondan qabul qiladi. Shavkat Mirziyoyev Ashhobodda bo‘lib o‘tgan sammitda so‘zga chiqar ekan, O‘zbekiston o‘z raisligi davrida rejadagi tadbirlarni yuqori darajada o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlarni qo‘llashini ma’lum qilgandi. Yil davomida, umumiy hisobda, 60 ga yaqin turli yig‘ilish, forum va ishchi uchrashuvlar rejalashtirilgan.
Respublika poytaxti, shuningdek, bosh forum – Hamdo‘stlik davlat rahbarlarining sammitiga ham mezbonlik qiladi. Tadbir Toshkentda 2020 yil 16 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.