Mbappe va PSJ o‘rtasidagi kelishuvning yashirin bandi oshkor etildi
Sport
−
13 Sentabr 2022
5883Fransiya terma jamoasi futbolchisi Kilian Mbappening PSJ bilan amaldagi shartnomasi 2025 yilgacha emas, 2024 yilgacha amal qiladi. Bu haqda “L'Equipe” nashri xabar tarqatmoqda.
Nashrning aniqlik kiritishicha, PSJning qatarlik sohiblari Mbappe bilan kelishuv 2025 yilgacha uzaytirilganini e’lon qilgan edi. Ammo Mbappe PSJda 2024 yilgacha to‘p surishga rozilik bildirgan. Shartnomada qolgan yana bir yillik majburiyatni bajarish yoki bajarmaslikni Kilianning o‘zi hal qiladi.
Qayd etish kerakki, PSJ rasmiylari oldida Mbappeni 2025 yilgacha klubda olib qolish vazifasi turibdi. Agar, Fransiya klubi 23 yoshli futbolchi bilan kelishuvga erishmasa, uni 2023 yilda sotib yuborish variantini ham o‘rganib chiqishi shart. Aks holda, Kilian Mbappe 2024 yilda Parijni tekinga tark etadi.
Eslatib o‘tamiz, Mbappe yakunlangan transfer oynasida, erkin agent sifatida “Real Madrid”ga o‘tishga yaqin kelgan edi. Biroq, PSJ egalari qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, 23 yoshli futbolchini tarkibda olib qoldi.
Ma’lumot uchun, joriy mavsumda fransiyalik iqtidor egasi PSJ safida barcha musobaqalar doirasida 7 ta uchrashuvda qatnashib, 9 ta gol urdi. “Transfermarkt” portali Kilian Mbappeni 160 million yevroga baholamoqda.