Majburiy mehnat bo‘lmasa, O‘zbekiston paxtasini kim terdi?
Jamiyat
−
05 fevral 2020
11405“2019 yilgi majburiy mehnat holatlarini fuqarolik jamiyati a’zolari va jurnalistlar faol yoritdi. Hukumat jurnalistlar va blogerlarni majburiy mehnat holatlarini tanqidiy yoritishga chaqirdi”, deyiladi Xalqaro mehnat tashkilotining 2019 yil bo‘yicha bergan hisobotida.
Bugun, 5 fevral kuni Toshkentda “Islohotlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida munosib mehnatni ta’minlash” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi vakillari, Xalqaro migratsiya tashkiloti, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, UNICEF, UNESCO, diplomatik korpus vakillari, “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi a’zolari qatnashdi.
Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi bosh maslahatchisi Yonas Astrup XMTning kuzatuv hisobotlarini ochiqladi. Unga ko‘ra, 2015 yilda paxta terish ko‘rsatkichi 3,36 million tonnani tashkil qilgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2,08 million tonnaga kamaygan. Bunda paxta dalalari boshqa ekinlarga bo‘lib berilgani yoki ajratilgani hisobiga keskin kamaygan.
2015 yilda paxtaga chiqqan aholi soni 3,4 millionni (shundan 448 ming nafari majburiy tarzda jalb qilingan) tashkil qilgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib bu raqamlar 1,75 millionga kamaygan (yuqoridagi ko‘rsatkich ham, o‘z navbatida, 102 mingga kamaygan).
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) o‘tkazgan yana bir monitoring natijalariga ko‘ra, paxta terishga haq to‘lash tizimi ancha yaxshilangan. 2019 yilda terimchilar tergan paxtasiga pulni o‘z vaqtida va to‘liq miqdorda olgan. Har bir terimchi o‘rtacha 23 kun paxta tergan va o‘rtacha 2,2 million so‘m mehnatiga haq olgan.
2015 yilda majburiy mehnat 14 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib bu ko‘rsatkich 5,9 foizga kamaygan. O‘z o‘rnida 2015 yilda 1 kilogramm paxtaga 200 so‘m to‘langan bo‘lsa, 2019 yilga kelib bu raqamlar kilogramiga 800-1400 so‘mgacha ko‘tarilgan.
Tashkilot tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 33 foiz ishtirokchi 2019 yilda o‘tkazilgan paxta yig‘im terimidagi sharoit 2018 yilga nisbatan yaxshilangan desa, 3 foiz ishtirokchilar sharoit avvalgi yilga nisbatan yomonlashganini bildirgan. Terimchilarning 59,3 foizi ayollar, 40,7 foiz erkaklarni tashkil qilgan. Terimchilarning 24,5 foizi shahardan jalb qilingan.
LiveBarchasi