O‘zbekiston diplomlari 38 davlatda tan olinishi kutilmoqda
Jamiyat
−
24 noyabr 4941 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasida olingan oliy ta’lim to‘g‘risidagi diplomlar dunyodagi 38 ta davlatda tan olinishi kutilmoqda. Bu O‘zbekistonning “Oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya”ni (Parij, 2019 yil 25 noyabr) ratifikatsiya qilgani ortidan sodir bo‘lishi mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 11 noyabr kuni imzolangan qonun bilan O‘zbekiston Global konvensiyani ratifikatsiya qildi.
Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiya UNESCO shafeligida ishlab chiqilgan global ahamiyatga ega bo‘lgan birinchi shartnoma hisoblanadi. Konvensiyaning 4-moddasida Konvensiyaning a’zosi bo‘lgan ishtirokchi davlat Konvensiyaning a’zosi bo‘lgan boshqa ishtirokchi davlatlarda egallangan va hujjatlar orqali tasdiqlangan malakalarni tan olish majburiyati ko‘rsatilgan.
Tan olish jarayoni har bir davlatning o‘z milliy qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshirilib, bunda ishtirokchi davlatlar boshqa davlatlarda egallangan oliy ta’limga oid malaka (diplom)ni adolatli tarzda tan olishi lozim. Davlatlar ta’lim tizimi (standart) o‘rtasida muhim farqlar mavjud bo‘lgandagina tan olish rad etilishi mumkin.
Hozirgi kunda 38 ta davlat Global konvensiyaga a’zo hisoblanadi va 10 ga yaqin davlatlar Konvensiyaga a’zo bo‘lish jarayonini olib bormoqda.
Global konvensiyaga a’zo (ishtirokchi) davlatlar ro‘yxati:
Yevropa mintaqasida (20 ta sub’ekt) – Fransiya, Buyuk Britaniya, Finlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Islandiya, Vengriya, Andorra, Armaniston, Xorvatiya, Estoniya, Litva, Moldova, Ruminiya, Slovakiya, Gruziya, Bosniya va Gersogovina, Muqaddas Prestol, San-Marino, Lyuksemburg;
Amerika mintaqasida (4 ta sub’ekt) – Kuba, Nikaragua, Ekvador, Urugvay;
Afrika mintaqasida (7 ta sub’ekt) – Janubiy Afrika Respublikasi, Tunis, Kabo Verde, Jibuti, Kotdivuar, Gvineya, Senegal;
Osiyo mintaqasida (5 ta sub’ekt) – Yaponiya, Janubiy Koreya, Mug‘uliston, Yaman, Falastin;
Avstraliya va Okeaniya mintaqasida (2 ta sub’ekt) – Avstraliya, Yangi Zelandiya.
Konvensiyaning 18-moddasiga asosan unga a’zo bo‘lish har bir davlat UNESCO kotibiyatiga mazkur Konvensiyaga a’zo bo‘lish haqida o‘z hujjatini taqdim etganidan keyin 3 oy o‘tgach amalga oshiriladi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilish haqidagi Qonunning tasdiqlangani haqidagi yorliqni UNESCO kotibiyatiga taqdim etgan vaqtdan boshlab 3 oy o‘tgach, Konvensiyaning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari orasida Global konvensiyaga a’zo bo‘lgan ilk davlat bo‘ladi.
Bilim va malakani baholash agentligining qayd etishicha, Global konvensiya doirasida faqatgina unga a’zo bo‘lgan davlatlar o‘rtasida oliy ta’limga oid malaka (diplom)larni o‘zaro tan olish mexanizmlari qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasida xorijiy davlatlar tomonidan berilgan ta’lim olganlik to‘g‘risidagi diplomlarni tan olish O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida”gi nizom talablari asosida amalga oshiriladi. Mazkur nizom bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinadigan xorijiy davlatlarda olingan hujjatlar toifalari belgilangan. Jumladan, nizomning 7-bandi o‘ninchi xatboshida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) tan olinishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qozog‘iston Respublikasi hukumati, Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Tojikiston Respublikasi hukumati, Turkmaniston hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida oliy ta’lim hujjatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni tasdiqlovchi qaror imzolangani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. O‘zbekiston Bilim va malakalarni baholash agentligi bu xabarlarni rad etib, bugungi kunda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘iston diplomlarini o‘zaro tan olish bo‘yicha xalqaro shartnoma mavjud emasligini bildirdi.
Live
Barchasi