Majburiy mehnat: 5 nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi
Jamiyat
−
30 Oktabr 2021
4779Joriy yilgi paxta-yig‘im terimi davrida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi uchun 5 nafar mansabdor shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasiga asosan javobgarlikka tortildi va 1 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2021 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rilgani haqida ma’lumot berdi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, Davlat mehnat inspeksiyasining ishchi guruhlari tomonidan respublikaning barcha tumanlaridagi 13 mingga yaqin tashkilot, fermer xo‘jaliklari hamda paxta dalalari o‘rganilgan.
Shu bilan birga, inspeksiyaga paxta mavsumida majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid jami 128 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan, call markaz orqali 54 ta, veb sayt orqali 15 ta, ijtimoiy tarmoqlar orqali 24 ta hamda 35 ta yozma murojaatlar kelib tushgan.
O‘tkazilgan monitoringlar va murojaatlarni o‘rganish natijasida inspeksiya tomonidan mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 65 nafar mansabdor shaxsga jami 198 mln. 450 ming so‘m miqdorda ma’muriy jarima tayinlangan.
Bundan tashqari, 21 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmaganligi, 25 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 14 ta holatda terim pullarining o‘z vaqtida to‘lamaslik faktlari aniqlanib, mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, aniqlangan qonun buzilishlarni bartaraf etish yuzasidan 48 ta holat yuzasidan yozma ko‘rsatmalar kiritildi.
“Davlat mehnat inspeksiyasi respublikamizda majburiy mehnatga qarshi keskin kurash ketayotganligini ta’kidlab, majburiy mehnat holatlariga guvoh bo‘lgan fuqarolarimizdan Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, 71-200-06-00 Ishonch telefoniga hamda www.dmi.mehnat.uz saytiga murojaat qilishlarini so‘raydi.
Aziz fuqarolar o‘zingizning buzilgan mehnat huquqlaringizni tiklang hamda majburiy mehnatning qurboni bo‘lib qolishdan ogoh bo‘ling! Eslatib o‘tamiz, shaxsingizning oshkor etilmasligi kafolatlanadi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi