Mask Ukraina harbiylari uchun Starlink aloqasini sekinlashtirishga buyruq bergan – WSJ
Olam
−
11:24 1183 3 daqiqa
Amerikalik milliarder Ilon Mask Ukraina harbiylari foydalanayotgan Starlink aloqa tizimi tezligini pasaytirishga buyruq bergan. Bu qaror Kiyevda sarosima, Donald Tramp ma’muriyatida esa tushunmovchilik keltirib chiqargan. Bu haqda AQSH rasmiylari va vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Maskning bu qarori Ukraina Qurolli kuchlarining o‘rta masofaga zarba berishga mo‘ljallangan dronlari va Rossiya raketalarini tutib qoluvchi dronlardan foydalanish imkoniyatini cheklagan. Ukraina harbiylari ushbu uchuvchisiz apparatlarga oddiy Starlink’ga qaraganda yaxshiroq himoyalangan va yuqoriroq tezlikni ta’minlaydigan Starshield terminallarini o‘rnatadi.
“The Wall Street Journal”ning qayd etishicha, bu voqea Maskning urush borishiga ta’sir ko‘rsatish imkoniyati qanchalik katta ekanini namoyon qilgan.
“U bir tugmani bosish orqali halokatli mojaro yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkin”, deb yozgan nashr.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aloqa xizmatlari cheklovlarsiz tiklanmasa, ukrainaliklar halok bo‘lishi mumkinligi haqidagi bayonoti Tramp ma’muriyatida tushunmovchilik keltirib chiqargan va Oq uyni vaziyat yuzasidan norasmiy tekshiruv boshlashga undagan.
Gazeta manbalaridan ikki nafari aytishicha, Starlink tezligi cheklangani haqidagi ma’lumotlar ommaga oshkor bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, Mask va Tramp telefon orqali vaziyatni muhokama qilgan. Manbalardan biri ular cheklov joriy etilishidan oldin ham bu masalada gaplashganini aytgan.
Ayrim amerikalik rasmiylar Mask mustaqil harakat qilgani va Tramp Ukrainaga qarshi muayyan choralar ko‘rishni buyurmaganini bildirgan. Biroq vaziyatdan xabardor boshqa bir manbaning aytishicha, Mask Starshield tezligini pasaytirishdan oldin Trampni ham qo‘shib hisoblaganda, ma’muriyatning bir nechta yuqori lavozimli vakili bilan suhbatlashgan.
Ukraina Qurolli kuchlari oddiy Starlink uskunalaridan keng foydalanadi. Ularda tezlik bo‘yicha cheklovlar avvaldan mavjud. Biroq ayrim harbiy bo‘linmalar hujum amaliyotlarida foydalanish imkoniyatlari kengroq va cheklovlari kamroq bo‘lgan Starshield tizimidan ham foydalana boshlagan.
Ma’lumot uchun, Starshield AQSH Milliy razvedka boshqarmasining moliyaviy ishtiroki bilan yaratilgan. SpaceX uni milliy xavfsizlik maqsadlari uchun maxsus ishlab chiqilgan, davlat buyurtmachilariga mo‘ljallangan himoyalangan aloqa tizimi deb ta’riflaydi.
Ukrainaliklar joriy yilning 14 oktyabridan boshlab Starshield terminallari o‘rnatilgan dronlar soatiga 160 kilometr, ayrim hollarda esa 60–80 kilometr tezlikdan oshganda aloqa uzilishi yoki uzilishlar kuzatilayotgani haqida xabar bera boshlagan.
Bu ma’lumotlar tarqalganidan bir necha soat o‘tib, Mask X ijtimoiy tarmog‘ida Starshield AQSH hukumatiga tegishli ekani va uning nazorati ostida ishlashini yozgan. Uning ta’kidlashicha, tizim tezligi yoki undan foydalanishga oid cheklovlar bo‘yicha qarorlarni AQSH Qurolli kuchlari va yakuniy bosqichda mamlakat prezidenti qabul qiladi.
Joriy yilning 19 oktyabr kuni Tramp jurnalistlarga Starlink tezligining pasaytirilishi uchun kim javobgar ekanini bilmasligini aytgan. “Lekin buni aniqlashtirmoqchiman”, deb qo‘shimcha qilgan u.
Tramp va Mask Ukraina urushni tugata oladigan yangi prezidentga muhtojligi haqida bayonot berganidan keyin Kiyevda Starshield imkoniyatlarini ulardan biri cheklagan bo‘lishi mumkin, degan shubha paydo bo‘lgan.
Zelenskiyning bayonotlari ortidan masala mojaro tusini olgach, SpaceX vakillari Oq uy bilan bog‘langan. WSJ manbasiga ko‘ra, ular kompaniya va Tramp ma’muriyati cheklov joriy etilishidan oldin harakatlarini muvofiqlashtirgani haqida qo‘shma bayonot tayyorlashga uringan.
Mask avval ham Ukraina Qurolli kuchlarining o‘z aloqa tizimidan foydalanishini cheklagan. 2022 yilda u Ukraina harbiylarining Qrimga zarba berish rejasini amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Starlink xizmatini cheklagan. Tadbirkor keyinchalik bu qarorni Rossiya javoban yadroviy qurol qo‘llashi mumkinligidan qo‘rqqani bilan izohlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Ilon Maskdan Rossiya ichkarisiga zarba berish uchun Starlink tizimi bilan jihozlangan zarba beruvchi dronlardan foydalanishga ruxsat olishga harakat qilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi20 Oktyabr