Mask Tramp tuzadigan komissiyaga rahbar bo‘lishga rozi bo‘ldi
Olam
−
06 Sentabr
2875Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, hukumat samaradorligini oshirish uchun komissiya tuzishga va’da berdi va unga biznesmen Ilon Mask rahbarlik qilishini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar bermoqda.
Nashrga ko‘ra, Nyu-York iqtisodiy klubida nutq so‘zlagan sobiq prezident mahalliy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar uchun korporativ soliq stavkalarini kamaytirishga, federal hududlarda qurilish kompaniyalari uchun rag‘batlantiriladigan past soliq zonalarini tashkil etishga va suveren boylik fondini boshlashga va’da berdi.
“Men hukumat faoliyati bo‘yicha komissiya tuzaman, u ham moliya, ham butun hukumat faoliyatini ko‘rib chiqadi va bizga kerak bo‘lgan keng qamrovli islohotlar bo‘yicha tavsiyalar beradi”, degan Tramp.
Shuningdek, u o‘zini qo‘llab-quvvatlagan Mask bo‘lajak komissiyani boshqarishga rozi bo‘lganini ham ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Tramp noyabr oyidagi saylovda g‘alaba qozonsa, hukumat dasturlari auditini o‘tkazish uchun rahbariyatiga Mask ham kirishi mumkin bo‘lgan maxsus komissiya tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
O‘z o‘rnida, avvalroq Tesla rahbari ham sobiq prezident bilan komissiya haqida suhbatlar o‘tkazgani va unda xizmat qilishdan manfaatdor bo‘lishini ta’kidlagan edi. Xususan, Mask Tramp nomzodini qo‘llab-quvvatlab, uning saylovoldi kampaniyasini moliyaviy ta’minlashga va’da bergan va AQSH hukumatida o‘rin egallashga tayyor ekanini ma’lum qilgan. G‘arb OAVlari ham Tramp saylovda g‘alaba qozonsa, tadbirkorga o‘z ma’muriyatidan lavozim taklif qilishini yozmoqda.
Ma’lumot uchun, AQSHda prezidentlik saylovlari 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Sobiq prezident Donald Tramp Respublikachilar partiyasidan davlat rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatilgan. Demokratlardan esa vitse-prezident Kamola Harris mamlakat rahbarligi uchun kurashadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp saylovda g‘alaba qozonsa, mamlakatda TikTok’ni taqiqlamaslikka va’da bergan edi.
LiveBarchasi