Mask Tramp ma’muriyatidan ketayotganini e’lon qildi

Olam

image

Amerikalik tadbirkor va milliarder Ilon Mask hukumatdagi lavozimidan ketayotganini e’lon qilib, mamlakat Prezidenti Donald Trampga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda u X’dagi sahifasida yozdi.

“Mening maxsus hukumat xodimi sifatidagi vakolatlarim muddati yakunlanayotgani sababli, behuda xarajatlarini qisqartirish imkonini bergani uchun Prezident Donald Trampga minnatdorlik bildirmoqchiman”, deb yozdi u.

Qayd etish joiz, Ilon Maskning Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbarligidan ketishi haqidagi mish-mishlar bir necha haftadan beri yuradi. Aprel oyi oxirida AQSH hukumat yig‘ilishida ham Mask iste’fosiga ishora qilgan.

“Sizning ajoyib hukumat a’zolaringiz bilan ishlash men uchun sharaf bo‘ldi. Shunchaki barchangizga minnatdorlik bildirmoqchiman. Siz bilan ishlash sharaf edi, hammasi uchun rahmat”, degan edi o‘shanda Mask. 

Bundan oldin Trampning o‘zi ham Mask boshqarayotgan hukumat departamenti “ma’lum muddatda” o‘z faoliyatini to‘xtatishini va Ilon Mask o‘zining biznesini boshqarishga qaytishini aytgan.

Keyinchalik Mask ham hukumatdagi ish emas, balki biznesiga ko‘proq vaqt ajratishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, OAVda Maskning Tramp ma’muriyati a’zolari bilan bir necha bor janjallashgani haqida ham yozilgan. Masalan, ilgari Ilon Mask va Trampning asosiy savdo maslahatchisi Piter Navarro o‘rtasida bojxona tariflarini joriy etish borasida kelishmovchilik yuzaga kelgani ma’lum bo‘lgan. Mask Yevropadan importga yuqori boj joriy etishga qarshi chiqqan, Navarro esa “Mask faqat o‘z manfaatlarini o‘ylaydi”, degan. Keyinroq Mask Navarroni ochiqchasiga “ahmoq” deb atagan.

Shuningdek, Ilon Mask AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan ham shtat qisqartirishlari borasida janjallashgani xabar qilingandi. Tramp esa bu xabarga javoban, Rubio va Maskning munosabatlari “zo‘r” ekanini aytgan.

DOGE’ning harakatlari minglab agentlik xodimlarini ishdan bo‘shatishga va ko‘plab moliyaviy yordam dasturlarini to‘xtatib qo‘yishga olib keldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The Washington Post” Ilon Mask siyosiy chap hujumlaridan charchagani uchun AQSH ma’muriyatini tark etishga tayyor ekani haqida yozgan edi. Maskning fikricha, uning yo‘qligi DOGE ishining samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, chunki departament xodimlari jarayonni allaqachon yo‘lga qo‘ygan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Ilon Mask DOGE

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing