Mask Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod bo‘ldi
Bu qiziq
−
21 fevral
3720Amerikalik biznesmen va X ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Mask 2024 yilgi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti nomzodlaridan biriga aylandi. Bu haqda Nobel qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib, "Daily Mail" nashri ma’lum qildi.
Bu taklif Norvegiya parlamenti deputati Marius Nilsen tomonidan ilgari surilib, Maskning insoniyat farovonligiga qaratilgan texnologiyalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi qayd etilgan.
"Mask asos solgan, egalik qilgan yoki rahbarlik qilgan ko‘plab texnologiya kompaniyalari jamiyatni yaxshilash, Yer va koinot haqidagi bilimlarni oshirish hamda butun dunyo bo‘ylab aloqa va ulanishni ta’minlashga qaratilgan", degan Nilsen.
Qayd etilishicha, milliarder ushbu mukofotga dunyoda ilmiy muloqotni qo‘llab-quvvatlagani, so‘z erkinligi va o‘z fikrini adolatli ravishda bildira olgani uchun da’vogar sifatida ko‘rsatilgan.
Nufuzli mukofot uchun kurashda Ilon Maskning raqobatchilari orasida Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro, WikiLeaks asoschisi Julian Assanj, shuningdek, Isroil va Falastin inson huquqlari tashkilotlari vakillari bor.
Ma’lumot uchun, 2024 yilgi mukofot g‘olibi 11 oktyabr kuni e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilgi Tinchlik uchun Nobel mukofoti Eron qamoqxonasida saqlanayotgan Nargis Muhammadiyga berilgan edi.