Mask Eronning BMTdagi vakili bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazdi – NYT
Olam
−
12:31
962Amerikalik tadbirkor, Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask Eronning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Amir Said Iravani bilan uchrashib, Tehron va Vashington o‘rtasidagi keskinlikni yumshatish yo‘llarini muhokama qildi. Bu haqda ikki eronlik amaldorga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, joriy yil 11 noyabr kuni Nyu-Yorkda o‘tkazilgan bu uchrashuvning asosiy mavzusi Eron va AQSH o‘rtasidagi keskinlikni pasaytirish bo‘lgan. Uchrashuv bir soatdan ko‘proq davom etgan va maxfiy joyda bo‘lib o‘tgan. Nashr manbalari ushbu uchrashuvni “ijobiy” deb baholagan. AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning jamoasida aloqa direktori lavozimida faoliyat yurituvchi Stiven Chung ushbu uchrashuv haqida izoh berishdan bosh tortgan.
Manbalar, shuningdek, Mask bilan uchrashuv Tehronga AQSH rasmiylari bilan bevosita muloqotga kirmasdan, “aylanma yo‘l” orqali aloqalarni rivojlantirish imkonini berganini bildirgan. Suhbat davomida Iravani Ilon Maskka AQSH Moliya vazirligidan ruxsat olib, biznesining bir qismini Eron hududiga ko‘chirishni taklif qilgan.
Ma’lumot uchun, Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davomida AQSHning Eronga nisbatan siyosati keskinlashishi kutilmoqda. U o‘zining birinchi muddati davrida (2017-2021 yillar) Eron bilan yadro bitimidan chiqib, mamlakatga qarshi “maksimal bosim” strategiyasini amalga oshirgan. U Eronga qarshi neft va bank sektorini o‘z ichiga olgan 1,5 mingga yaqin sanksiya joriy qilgan va eronlik general-mayor Qosim Sulaymoniyga suiqasd uyushtirishga buyruq bergan.
Tehronda esa Tramp davridagi AQSH siyosati o‘zgarmasligi aytilmoqda. Masalan, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH saylovlari natijasining hech qanday ahamiyati yo‘qligini, chunki Tehron “ichki kuchiga tayangan” holda harakat qilishini bildirgan. https://qalampir.uz/news/ak-shdagi-saylovda-kim-galaba-k-ozongani-eron-uchun-ahamiyat-siz-pezeshkiyen-109490
Biroq bir nechta eronlik amaldorlarning NYT’ga bildirishicha, Trampning ayrim va’dalari Tehronga ma’qul keladi. G‘azo sektori va Ukrainadagi urushni tugatish va’dalarining bajarilishi shular jumlasidan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp milliarder Ilon Mask va prezidentlikka sobiq nomzod va Trampning ittifoqdoshi Vivek Ramasvami yangi Hukumat samaradorligi departamentiga rahbarlik qilishini bildirgan edi.
LiveBarchasi