Mashhur sportchi erini zo‘ravonlikda aybladi
Sport
−
03 iyun 2023
20831Jiu-jitsu bo‘yicha 9 karra Braziliya chempioni Gabi Garsiya erini o‘lim bilan tahdid qilish va jismoniy zo‘ravonlikda aybladi.
“Erim Almeyda meni ikki yildan beri jismoniy va ruhiy tomonlama azoblab keladi. Bu haqiqatni bugun aytmasam bo‘lmasdi, jinoyatchilar qonun oldida javob berishi kerak. Mening faoliyatimdagi uzilishlarga ham aynan uning cheklovlari sabab bo‘lmoqda”, deydi Garsiya.
Gabi ancha vaqtdan buyon sobiq eri Almeyda bilan birga yashamasa ham ular rasman er-xotin hisoblanadi, chunki Almeyda sportchi bilan ajrashishni istamayapti.
“U onasining nafaqasiga kun ko‘radi. Hatto mendan ham sud orqali pul undirishdan umidvor bo‘lib yuradi. Kredit kartalarim bilan 19 ta firibgarlik holati qayd etilgan. Shu sababdan ba’zida uyimda suv va elektrdan uzilishlar yuz berib turadi”, deydi chempion.
Garsiya o‘z sahifasida e’lon qilgan rasmlardan Almeydaning odamlari muntazam ravishda unga turli tahdidli so‘zlar bilan SMS xabarlar yuborib turishini bilish mumkin.
“U meni otam bilan qo‘rqitdi. Otamning shirkati qayerda joylashganini bilishini aytib, hech kimga vaziyat haqida xabar bermasligim bilan tahdid qildi. Otamga esa men haqimda aytib, pul olmoqchi ham bo‘lgan”, deydi Garsiya.
Shuningdek, Garsiya Almeyda tomonidan orttirilgan jarohatlar haqidagi suratlarini ham e’lon qildi.
Ma’lumot uchun, Gabi Garsiya jiu-jitsudan tashqari aralash yakkakurashlar sporti bilan ham professional tarzda shug‘ullanib keladi. Uning MMAʼdagi natijasi 6 ta g‘alabali jangni tashkil etadi.
Muhsinjon Umurzoqov