Mashhur bloger narkotik savdosida gumonlanib, qo‘lga olindi
3-sahifa
−
10:24 2207 2 daqiqa
Kecha, 23 avgust kuni TikTok’da “Doctor Food” nomi bilan tanilgan, 8 milliondan ortiq obunachiga ega bloger Jorj Dib Livanda qo‘lga olindi. Bu haqda “The National” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u giyohvand moddalar bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan. Shuningdek, Dib avvalroq aynan shu ish bo‘yicha sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
Livan Ichki xavfsizlik kuchlarining ma’lumotiga ko‘ra, Jorj Dib Halba sud bo‘linmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Unga nisbatan giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat bo‘yicha ikkita alohida hibsga olish orderi chiqarilgan.
Huquq-tartibot idoralari blogerni taxminan bir oy davomida kuzatgan. Kuzatuv davomida uning Akkar hududidagi Rahbe shahrida yashayotgani aniqlangan. Shundan so‘ng uning uyida tintuv o‘tkazilib, Dib qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, bloger qo‘lga tushmaslik uchun avtomobili va telefon raqamini tez-tez almashtirgan. U kontent suratga olganidan keyin joyni tark etib, o‘z harakatlarini kuzatishni qiyinlashtirishga uringan. Biroq bir oyga yaqin davom etgan kuzatuv natijasida uning manzili aniqlangan.
Dibning nomi 2024 yilda giyohvand moddalar bilan bog‘liq tergovdan so‘ng keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan. Livan rasmiylariga ko‘ra, uning korxonalarida ishlab chiqarilgan ayrim qandolat va oziq-ovqat mahsulotlaridan giyohvand moddalar aniqlangan. Ushbu mahsulotlarni Fors ko‘rfazi davlatlaridan biriga yuborish rejalashtirilgani aytilgan.
Shundan so‘ng Bayrutdagi Rafiq Hariri xalqaro aeroportida giyohvand moddalar bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan oziq-ovqat mahsulotlari musodara qilingan. Dibga nisbatan giyohvand moddalarni ishlab chiqarish, sotish va xorijga kontrabanda yo‘li bilan olib chiqish ayblovlari bo‘yicha hibsga olish orderi berilgan.
Ma’lum qilinishicha, Livan sudi Jorj Dibni giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va kontrabanda qilish ayblovlari bo‘yicha sirtdan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilgan.
Bloger esa o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni avval ham rad etgan. U ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilarini bu da’volarga ishonmaslikka chaqirgan.
Ma’lumot uchun, Jorj Dib TikTok’da taomlar, restoranlar va turmush tarzi haqidagi videolari bilan mashhur. Uning platformadagi obunachilarining soni 8 milliondan oshadi. Aytilishicha, jiddiy ayblovlar va avvalgi sud qaroriga qaramay, u ijtimoiy tarmoqlarda kontent joylashtirishda davom etgan.
Qo‘lga olingan bloger yangi sud jarayoni doirasida Livanning tegishli sud organlariga topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya sudi bloger Guseyn Gasanovni sirtdan 4 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.
Live
Barchasi