Mashhur aktyor o‘g‘rilikda gumonlanmoqda (video)
Olam
−
13:04 1250 2 daqiqa
Turkiyaning mashhur teatr aktyori O‘kan Karajan Istanbulning Shishli tumanidagi tadbir vaqtida stol ustida turgan noutbukni o‘g‘irlaganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 27 fevral kuni Shishli Markaz mahallasidagi Daryulajeze ko‘chasida sodir bo‘lgan. E.Sh.A. ismli shaxs joriy yilning 2 mart kuni politsiyaga murojaat qilib, tadbir vaqtida noutbuki o‘g‘irlanganini bildirgan. U voqea aks etgan xavfsizlik kamerasi tasvirlarini ham taqdim etib, kompyuterni O‘kan Karajan olganini iddao qilgan.
Politsiya xodimlari kamera tasvirlarini o‘rganib, noutbukni olgan shaxs O‘kan Karajan ekanini aniqlagan.
Karajan esa politsiyaga bergan ko‘rsatmasida noutbukni o‘g‘irlash niyatida olmaganini, uni adashib olib ketganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, voqeadan bir necha kun o‘tib, joriy yilning 1 mart kuni E.Sh.A. yana 3 kishi bilan birga uning oldiga kelgan. Karajan ularning unga hujum qilgani va do‘pposlaganini iddao qilgan.
Aktyorning aytishicha, ular uni majburan olib ketib, avtomobilning yukxonasiga joylashtirgan. Shundan so‘ng, mashinada uning boshiga qurol dastasi bilan besh marta urishgan. Karajan bu holatni o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik va majburlash sifatida baholagan hamda kompyuter masalasidagi mojaro ortidan aynan shu voqea sodir bo‘lganini bildirgan.
Biroq Karajanning onasi I.K. o‘g‘lining bu gaplarini rad etgan. Uning aytishicha, O‘kan voqea kuni iftor dasturidan so‘ng uyga kompyuter bilan kelgan va uni o‘ziga sovg‘a qilishganini aytgan. Bir necha kundan keyin esa kompyuterni olish uchun kelgan shaxsga onasi uni topshirgan.
Onasi O‘kan xonasidan umuman chiqmaganini, hech kim uni majburan uydan olib ketmaganini va kaltaklamaganini bildirgan. Shuningdek, u o‘g‘lida ruhiy muammo borligini, dori-darmonlarini bir muddatdan beri muntazam qabul qilmay qo‘ygani sababli xatti-harakatlari beqaror bo‘lib qolganini aytgan.
O‘kan Karajan “oshkora o‘g‘rilik” jinoyati bo‘yicha qo‘lga olinib, joriy yilning 7 mart kuni sudga yuborilgan. U sudga yuborilganidan so‘ng ozod qilingan.
Ayni vaqtda tarqalgan xavfsizlik kamerasi tasvirlarida Karajanning telefon orqali gaplashgani, stol ustidagi noutbukni ko‘zdan kechirgani, keyin uni qo‘ltig‘iga olib, voqea joyidan chiqib ketgani aks etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq giyohvand moddalar bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha bo‘lgan, TikTok’da “Doktor Fud” nomi bilan tanilgan, 8 milliondan ortiq obunachiga ega bloger Jorj Dib Livanda qo‘lga olingan edi.
Live
Barchasi