Mart oyi oxirida Erdo‘g‘an O‘zbekistonga keladi
Jamiyat
−
24 mart 2022
5635Joriy yilning 29-31 mart kunlari Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda bugun, 24 mart kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan “Mushtarak tarix va madaniyatga asoslangan Turkiya va O‘zbekiston munosabatlarining 30 yilligi” munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirda aytib o‘tildi.
Qayd etish kerakki, Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti bu yil O‘zbekistonda o‘tkazilishi kutilmoqda. Bungacha tuzilma Turkiy tilli davlatlar kengashi deb yuritilgan. 2021 yilda esa rasman tashkilot maqomini olgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, bu Rajab Toyib Erdo‘g‘anning so‘nggi olti yilda O‘zbekistonga 3 marta kelishi. Turkiya rahbari oxirgi marta 2018 yil aprel oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgandi.
O‘z navbatida Shavkat Mirziyoyev so‘nggi bor 2020 fevral oyida Turkiyaga rasmiy tashrifni amalga oshirgan.
Prezidentlar oxirgi marta 2021 yil noyabrida Turkiy davlatlar tashkilotining 8-sammiti doirasida Istanbulda ko‘rishgandi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga 2019 yilning sentyabr oyida a’zo bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning oktyabr oyida Bakuda bo‘lib o‘tgan sammitda ishtirok etdi.
LiveBarchasi