Markaziy Osiyodagi yopiq chegaralar davri tarixda qoldi – Mirziyoyev
Olam
−
24 Sentabr 2025 6009 2 daqiqa
Markaziy Osiyoda yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi. Bu haqda kecha, 23 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqida aytib o‘tdi.
O‘zbekiston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatning tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilgan.
“Bundan 8 yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qat’iy qaror qilganimizni e’lon qilgan edik. Bugun chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi”, degan Mirziyoyev.
Davlat rahbari so‘zlashda davom etar ekan, so‘nggi yillarda mintaqada o‘zaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha ko‘payganini ta’kidlagan. Qo‘shma investitsiya jamg‘armalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalari tashkil etilayotgani hamda yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilayotgani bildirilgan.
“Shuni qat’iy ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi. Mintaqamiz o‘zining hamjihatligi, barqarorligi, o‘ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida alohida sub’ekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda”, deya urg‘ulagan O‘zbekiston rahbari.
Prezident, shuningdek, BMT tuzilmalari bilan mintaqada qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirishni, jumladan, EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish, YUNIDO bilan sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, mintaqada suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish bo‘yicha dasturlarni qabul qilishni taklif qilgan.
Bundan tashqari, Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi ilgari surilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida nutq so‘zlagandi. U o‘z nutqida global muammolar, Afg‘oniston va Ukrainadagi vaziyatga ham alohida to‘xtalib o‘tgan.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025