«Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro forumi ishtirokchilariga

Jamiyat

image

Aziz do‘stlar!

Avvalo, O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatini o‘rganish, xalqimizning ma’naviy-moddiy merosini ommalashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga munosib hissa qo‘shib kelayotganingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. 

Markaziy Osiyo mintaqasi o‘ziga xos yagona tarixiy-madaniy makon sifatida jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan ta’sir ko‘rsatgani barchamizga yaxshi ma’lum. Xususan, “Islom madaniyatining oltin asri” deb e’tirof etiladigan IX–XII asrlarda yurtimiz hududida birinchi Renessans yuz berib, zaminimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu’in Nasafiy kabi ulug‘ ulamolar yetishib chiqdi va butun musulmon olamining faxru iftixoriga aylandi. Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy singari o‘nlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariy taraqqiyotga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi. XV asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat mintaqada ikkinchi Uyg‘onish, ya’ni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, ko‘plab xattot va sozandalar, musiqashunos va me’morlarning shuhrati dunyoga yoyildi.

Bugun Yangi O‘zbekistonda ilm-fan va madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar orqali yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratishga bel bog‘laganmiz. Shaxsan o‘zim qachonki Xorazm tuprog‘iga qadam qo‘ysam, ko‘hna tarix sirlaridan ogoh bo‘lgandek, ko‘p hayotiy hikmatlarning mag‘zini chaqqandek bo‘laman. 

Xorazm qadim-qadimdan o‘ziga xos jozibador san’ati bilan ham mashhur. Bugun xorijiy davlatlar vakillari lazgi milliy raqsini o‘rganishga qiziqish bildirmoqda. Shundan kelib chiqib viloyatda lazgi akademiyasini tashkil etish mo‘ljallangan. Qolaversa, san’atimizni tarannum etish, xorijliklarni yurtimizga jalb qilish maqsadida Xorazmda lazgi bo‘yicha xalqaro festival o‘tkazyapmiz.

Kezi kelganda «Shashmaqom» va «Boysun tumanining madaniy makoni» (2008), «Katta ashula» (2009), «Askiya» (2014), «Palov madaniyati va urf-odatlari» hamda «Navro‘z» (2016) Jahon nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatidan joy olganini eslab o‘tgan holda, shu kunlarda esa baxshichilik san’ati hamda etnik sport turlarining ham umumbashariy miqyosda e’tirof etilishiga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilayotganini ta’kidlashni istardim.

O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasida, Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgani – Yaratganning inoyati, ulkan imkoniyat hisoblanadi. Vatanimiz qadim zamonlardan muhim savdo va migratsiya yo‘llarining tutashuv nuqtasi bo‘lgan. Bu yerda madaniyatlar va dinlar o‘zaro uyg‘unlashib, ko‘pgina millat va elatlar uchun o‘ziga xos, takrorlanmas yashash muhitini shakllantirgan. Yuksak rivojlangan shahar va ko‘chmanchi sivilizatsiyalarning bir-biriga o‘zaro ta’siri madaniyatimizga dunyoning boshqa hududlaridan ajratib turuvchi betakrorlik baxsh etgan. 

“Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumi doirasida Xiva shahrida UNESCO bilan hamkorlikda Madaniy meros masalalari bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi kengashining yig‘ilishi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) madaniyat vazirlarining navbatdagi majlisi, Nukus shahrida “Arxeologiya va turizm: salohiyatni belgilash va merosni boshqarish” xalqaro arxeologiya anjumani hamda II Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, Toshkent shahrida O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha butunjahon jamiyatining V xalqaro kongressi o‘tkazilmoqda.

Yaqinda, xabaringiz bor, qutlug‘ sana – Mustaqilligimizning 30 yilligini keng nishonladik. Istiqlol yillarida o‘zlikni anglash, tarixiy xotirani tiklash yo‘nalishida juda ko‘p ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, keyingi besh yilda ilmiy ishlanmalar va g‘oyalar, tashabbuslar almashinuvi uchun yangi festivallar hamda platformalar yaratishga alohida e’tibor qaratdik. Madaniy merosni ommalashtirishga qaratilgan bir necha forumlar, jumladan, Termizda Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, Shahrisabzda Xalqaro maqom san’ati anjumani, Qo‘qonda Xalqaro hunarmandchilik festivalini muntazam o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yildi. Islom ta’limoti g‘oyalarini yoyish va buyuk ilohiyotchilar asarlarini o‘rganish maqsadida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ochildi va Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilmoqda.

Forumning asosiy tadbirlaridan biri bo‘lgan – Turkiy tilli davlatlar maslahat uchrashuviga ham muvaffaqiyat tilayman. 

Butun insoniyat mulki hisoblangan O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirishga qo‘shgan bebaho hissangiz uchun Sizga yana bir bor o‘z minnatdorligimni bildiraman. Ushbu nufuzli forumni o‘z shafeligida o‘tkazayotgani uchun UNESCO tashkiloti rahbariyatiga ham tashakkur aytamiz.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

11

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing