Markaziy Osiyo yetakchilari Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi
Jamiyat
−
24 iyul 2023
10051Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 66 yoshni qarshiladi. Ushbu kun munosabati bilan Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qilib, uni tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlab, Prezident turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali suhbatlashgan.
Suhbat avvalida, Turkmaniston yetakchisi davlat rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilagan. O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilingan.
So‘ngra Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan o‘tkazilgan telefon orqali muloqotida O‘zbekiston-Turkmaniston amaliy hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.
Turkmaniston Prezidenti ham davlat rahbarini tavallud kuni bilan dildan qutlab, unga mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tilagan.
Muloqotda o‘zaro savdoni ko‘paytirish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, shu jumladan sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa muhim yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shundan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
Suhbat boshida Tojikiston yetakchisi davlat rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy tabriklab, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilagan.
Yetakchilar ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni yanada faollashtirish, jumladan, qo‘shma ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish, yoshlarni keng jalb qilgan holda madaniy va sport tadbirlarini uyushtirish muhimligi haqida yakdil fikr bildirgan.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tgan.
Qirg‘iziston yetakchisi davlat rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, O‘zbekistonga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va barqaror taraqqiyot tilagan.
Muloqot davomida O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qilgan.
Qozog‘iston yetakchisi davlat rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, mustahkam sog‘lik, farovonlik va yangi muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan.
Yetakchilar yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalarini atroflicha ko‘rib chiqqan.
Hukumatlararo komissiyaning Toshkent shahrida va qo‘shma Ishchi guruhning Ostona shahrida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishlarining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev 1957 yilning 24 iyulida Jizzax viloyatining Zomin tumanida tug‘ilgan. 2003 yil 12 dekabrdan 2016 yil 13 dekabrgacha O‘zbekiston Bosh vaziri, 2016 yil 8 sentyabrdan 14 dekabrgacha O‘zbekistonning muvaqqat Prezidenti bo‘lgan. 2016 yil 4 dekabrdagi prezidentlik saylovi natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti etib saylangan. Joriy yilning 9 iyul kuni muddatidan oldin bo‘lib o‘tgan saylovda Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz bilan 7 yil muddatga saylandi.