Markaziy Osiyo – Xitoy TIV rahbarlari uchrashuv o‘tkazdi
Olam
−
28 aprel 2023 5247 1 daqiqa
Kecha, 27 aprel kuni Xitoyning Sian shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi Tashqi ishlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.
Tadbirda O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Tashqi ishlar vazirlari hamda Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari ishtirok etgan.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilingan. Vazirlar uchrashuvida 2023 yil may oyida Sian shahrida davlat rahbarlarining “Markaziy Osiyo + Xitoy” sammitini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun delegatsiyalar rahbarlari ishtirokida press-brifing o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘z nutqida ushbu format mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish uchun muhim platforma ekanligini ta’kidlagan.
Xitoy Davlat kengashi a’zosi va Tashqi ishlar vaziri Sin Gang esa Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarining hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. U tomonlar bir-birlarining milliy manfaatlarini hurmat qilishlarini va tashqi kuchlarning ichki ishlarga aralashishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlagan.
Live
Barchasi