Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi
Jamiyat
−
12 Sentabr
1598Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda bugun, 12 sentyabr kuni Markaziy bank Boshqaruvining qarori qabul qilindi.
Bildirilishicha, iqtisodiyotdagi yuqori talab hamda ayrim turdagi oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxida kuzatilgan o‘sish sur’atlari pul-kredit sharoitlari qat’iyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.
"Yuqori iqtisodiy faollik va aholi daromadlarining barqaror o‘sib borayotgani yalpi talabni oshiruvchi asosiy omillardan bo‘lmoqda.
Inflyatsiyani yil yakunida prognoz ko‘rsatkichlariga qadar va o‘rta muddatli davrda 5 foizlik target darajasigacha pasaytirish maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi", deyiladi Markaziy bank bayonotida.
Qayd etilishicha, umumiy inflyatsiya so‘nggi 3 oyda sezilarli o‘zgarishsiz saqlanib, avgustda yillik 10,5 foizga teng bo‘lgan. Joriy yilda meva-sabzavotlar narxi pasayishi inflyatsiyaga qariyb 1 foiz bandlik pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatgan. O‘z o‘rnida, yil boshidan pasayuvchi tendensiyaga ega bo‘lgan bazaviy inflyatsiya iyun oyidan so‘ng yillik hisobda pasayishdan to‘xtagan.
"Almashuv kursi dinamikasi va oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqaror shakllanayotgani aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iyul oyida kutilmalar 11-12 foizgacha pasaygan bo‘lsa, avgust oyida pensiya va davlat sektorida ish haqilarining kutilayotgan oshishi va yoqilg‘i resurslarining qimmatlashishi ta’sirida 12-13 foizni tashkil qildi.
Tashqi savdo balansining yaxshilanishi va pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli oshishi ta’sirida joriy operatsiyalar hisobvarag‘i taqchilligining ham qisqarib borishi kutilmoqda. Bu esa, almashuv kursiga ehtimoliy fundamental bosimlarning kamayishiga va joriy barqaror dinamikaning davom etishiga xizmat qiladi", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, o‘rta muddatli istiqbolda Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini ta’minlashda davom etadi. Bunda, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi hamda inflyatsion omillarning shakllanishidan kelib chiqib qarorlar qabul qilinadi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024 yil 24 oktyabrga belgilangan.
LiveBarchasi