Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi
Jamiyat
−
31 Oktabr
1929Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda bugun, 31 oktyabr kuni Markaziy bank Boshqaruvining qarori qabul qilindi.
Bildirilishicha, iqtisodiyotdagi yuqori iste’mol va investitsion faollik hamda ayrim turdagi tovarlar va xizmatlar taklifidagi o‘zgarishlar ta’sirida inflyatsiyani oshiruvchi bosimlar saqlanib qolmoqda. Inflyatsiyaning barqaror pasayib borishi va o‘rta muddatda 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishishini ta’minlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy darajada saqlab qolish lozim bo‘ladi.
Makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari va inflyatsiya omillari bo‘yicha kutilmalardan kelib chiqib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
"2024 yil sentyabr oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,5 foizni tashkil etib, III chorak davomida o‘zgarishsiz qoldi. Bazaviy inflyatsiya dinamikasi yuqori iste’mol talabi, yoqilg‘i resurslari narxi va tariflarini erkinlashtirilishini xizmatlar narxlariga o‘tishi hamda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi ta’sirida sentyabr oyida yillik 7,1 foiz doirasida shakllandi", deyiladi Markaziy bank bayonotida.
Qayd etilishicha, meva va sabzavotlar o‘rtacha narxlarida pasayish dinamikasi davom etib, umumiy inflyatsiyani pasaytiruvchi omillardan bo‘lmoqda. Oktyabr oyidagi haftalik kuzatuvlar iste’mol tovarlari narxlarining nisbatan barqaror bo‘lganini va oylik o‘zgarish o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichlardan past shakllanishini ko‘rsatmoqda.
Markaziy bankka ko‘ra, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari hamda inflyatsiyaning joriy va prognoz darajasi o‘rtasidagi tafovut yuqoriligicha qolmoqda. Sentyabrda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining inflyatsion kutilmalari 13,3 foizni, tadbirkorlarning kutilmalari esa 12,6 foizni tashkil etdi.
"Joriy yilning so‘nggi choragida nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’sirida inflyatsion jarayonlarning ma’lum darajada pasayishi hamda yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda", deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, 2024 yil yanvar-sentyabr oylarida iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy o‘sish dinamikasi hisobiga yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 6,6 foizni tashkil etgan. Investitsion faollikning yuqoriligi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan bo‘lmoqda.
"Transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘tgan yilga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi aholi daromadlarining oshishiga hissa qo‘shmoqda. Iqtisodiyotda o‘rtacha ish haqi va real daromadlarning o‘sib borishi iste’mol faolligini qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, xizmatlar va chakana savdo sohalaridagi yuqori o‘sish sur’atlari kuchli iste’mol talabi shakllanayotgani bilan izohlanadi. Iqtisodiy rivojlanishning ushbu tendensiyalaridan kelib chiqib, 2024 yilda YAIMning real o‘sishi 6,0-6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda", deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda inflyatsiyani oshiruvchi, xususan, kelgusi choraklarda energiya resurslarining yetarli ta’minoti va narxining qisqa muddatli o‘zgarishi, ayrim tovarlar taklifida uzilishlar va xizmatlar narxining nisbatan yuqori darajalarini saqlanib qolishi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga chiqishi mumkin.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024 yil 12 dekabrga belgilangan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr