Markaziy bank 9 ta bankni jazoladi

3-sahifa

image

Markaziy bank jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya qilinishida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 9 ta bankka nisbatan  jarima sanksiyasi qo‘lladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan joriy yilning avgust oyidagi yig‘ilishlarida (9 marta) 51 ta masala ko‘rib chiqilgan va tegishli qarorlar qabul qilingan.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 32 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (9 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (8 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (3 ta), mikromoliya tashkilotini reestrdan chiqarish (2 ta) va banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (1 ta), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (9 ta) bilan bog‘liq masalalar ko‘rilgan.

Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 19 ta masala – Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan masalalar ham muhokama qilingan.

Prudensial normativ talablariga rioya etilmaganligi, hududlarda muammoli kreditlarni undirish va ular qoldig‘ini kamaytirish yuzasidan ishlab chiqilgan reja-grafiklar ijrosi bajarilmagani hamda inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 14 ta bank va 2 ta to‘lov tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Shuningdek, Markaziy bank talablari va o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari davomida hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya qilinishida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 9 ta bank, 6 ta mikromoliya tashkiloti va 4 ta lombardga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, ustav kapitalining eng kam miqdorini shakllantirilishi bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya qilinmagani uchun 1 ta bankka berilgan litsenziya chaqirib olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank kredit tashkilotlarini ogohlantirib, fuqarolarga davlat tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalarni kredit bo‘yicha qarzdorlikni so‘ndirish maqsadida akseptsiz usulda yechib olinishini adolat tamoyillariga zid va insofsiz amaliyot sifatida baholashini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing