Mark Sukerberg Oval kabinetdan chiqarib yuborildi – OAV

Olam

image

Meta korporatsiyasi rahbari Mark Sukerberg AQSH Prezidenti Donald Trampning Oq uyda joylashgan Oval kabinetidan chiqarib yuborildi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, NBC News xabar berdi.

Nashr manbalariga ko‘ra, Sukerberg kutilmaganda Prezident kabinetiga kirib kelgan. Shu vaqtda u yerda harbiy rahbarlar bilan yangi F-47 rusumidagi ko‘rinmas qiruvchi samolyot muhokama qilinayotgan bo‘lgan.

“Ijtimoiy tarmoq magnatining maxfiy ma’lumotlarga ruxsati yo‘qligidan xavotirga tushgan rasmiylar uni tashqarida kutib turishini so‘rashdi”, deyiladi xabarda.

Uchrashuv chog‘ida yosh ayol yordamchi ham kabinetga kirib, Prezidentga noutbukda nimanidir ko‘rsatgan va chiqib ketgan. Nashrning yozishicha, harbiylar oliy bosh qo‘mondon bilan bo‘layotgan bu uchrashuvda maxfiylikning yuqoriroq darajada ta’minlanishini kutgan va ayrimlari uchrashuvdan “hayratlangan va biroz xavotirlangan” holda chiqib ketgan. Ulardan biri hatto ma’lumotlar sizib chiqishi ehtimoli haqida o‘ylaganini aytgan.

Biroq “New York Post”ga izoh bergan Oq uyning yuqori martabali vakili Mark Sukerbergni hech kim kabinetdan chiqarib yubormaganini bildirgan.

“Uni chiqib ketishini so‘rashmagan. U Prezident iltimosiga binoan kirib salomlashgan, so‘ng o‘z uchrashuvi boshlanishini kutish uchun chiqib ketgan. Bu uchrashuv keyinroq bo‘lishi kerak edi”, deydi u.

Ma’lumot uchun, F-47 – bu Boeing tomonidan Amerika Qo‘shma Shtatlari Harbiy havo kuchlari (USAF) uchun Next Generation Air Dominance (NGAD) dasturi doirasida ishlab chiqilayotgan samolyot. U Lockheed Martin tomonidan ishlab chiqarilgan F-22 Raptor samolyotining o‘rnini bosuvchi sifatida ko‘rilmoqda. USAF rasmiylariga ko‘ra, eksperimental sinovlar 2020 yildan beri amalga oshirilmoqda va harbiy havo kuchlari uni shu o‘n yillikning oxirigacha foydalanishga topshirishni maqsad qilgan. Shunda u AQSHning birinchi oltinchi avlod jangovar samolyoti bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Oq uy Mark Tsukerberg Oval kabinet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing