Marg‘ilon shahriga ham yangi hokim tayinlandi
Jamiyat
−
11 avgust 2023
6084Bugun, 11 avgust kuni Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov raisligida o‘tgan Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida shaharga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shukurulloxon Xolmatxonovich Nisbatxonov bundan buyon Marg‘ilon shahri hokimi sifatida faoliyat yuritadi. U ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Farg‘ona viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan.
Ma’lumot uchun, Shukurulloxon Nisbatxonov 1969 yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. U 2020 yilda Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. 2022 yilda esa Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, Marg‘ilon shahrining sobiq hokimi Adham Ziyovutdinov joriy yilning 27 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida Qoraqalpog‘iston rahbariyati, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida inflyatsiyani jilovlash, bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlashdagi ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun lavozimidan ozod qilingan edi.
LiveBarchasi