“Marakana” stadioni sotuvga qo‘yildi

Sport

image

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shtati o‘zining katta qarzini kamaytirish maqsadida dunyoning eng mashhur stadionlaridan biri “Marakana”ni sotuvga qo‘ydi. Mazkur qaror mamlakatda katta bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda “Marca” nashri xabar berdi.

Shtat hukumati stadion sotuvidan 320 million yevro miqdorida mablag‘ yig‘ishga umid qilmoqda. Rio-de-Janeyro Qonunchilik Assambleyasining Konstitutsiya va Adliya komissiyasi (ALERJ) esa hukumat taqdim etgan qonun loyihasiga o‘zgartirishlar kiritgan. Dastlab, sotuv ro‘yxatida bo‘lgan 48 ta mulkning 16 tasi olib tashlangan, o‘rniga 30 ta yangi ob’ekt, jumladan “Marakana” stadioni ham ro‘yxatga kiritilgan.

Komissiya prezidenti Rodrigo Amorim hukumat eng qimmat va kam foydalaniladigan mulklar uchun xizmat xarajatlarini qisqartirishga majbur ekanini tan olgan. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, stadion va unga tutash “Aldeia Maracaná” majmuasining sotuvi 320 million yevrodan ortiq daromad keltirishi mumkin. Shuningdek, Amorimning aytishicha, asosiy maqsad daromad emas, balki xarajatlarni kamaytirish va ob’ektdan samaraliroq foydalanishdir. Shtatning markaziy hukumat oldidagi qarzi 1,89 milliard yevroni tashkil etadi va u 2026 yilgacha to‘lanishi kerak.

Bu “Marakana” bo‘yicha birinchi sotuv tashabbusi emas. 2011 yilda braziliyalik milliarder Eyke Batista stadionni sotib olishga urinib ko‘rgan, biroq taklif amalga oshmagan. So‘nggi o‘n yil davomida stadionni xususiy sektorga topshirish haqidagi bahslar muntazam ravishda qayta ko‘tarilib kelmoqda.

Ma’lumot uchun, “Marakana” 1950 yilgi Jahon chempionati uchun qurilgan va aynan shu yerda Braziliya terma jamoasi Urugvayga 2:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan. O‘shanda deyarli 200 ming tomoshabin o‘yinni stadiondan tomosha qilgan.

Hozirda “Marakana” 78 838 tomoshabinni sig‘dira oladi. Bu ko‘rsatkich ketma-ket uchta ta’mirlash natijasida kamaygan. Birinchisi 1999-2000 yillarda, ikkinchisi 2005-2007 yillarda, uchinchisi esa 2014 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik paytida amalga oshirilgan. “Marakana” hozirda Braziliyaning ikki yirik klubi “Flamengo” va “Fluminense” uchun uy stadioni hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rio-de-Janeyro “Marakana” 320 million evro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing