Marhum shifokorning qizi otasi karantin zonaga borishga majburlanganini aytdi

Intervyu

image

28 iyun kuni O‘zbekistonda xizmat vaqtida koronavirus yuqtirib olgan shifokor vafot etgani haqida xabar bergan edik. U Toshkentdagi Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shifokori Alisher Uralov edi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, shifokor shu yilning 14 iyun kunidan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markazidagi fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida faoliyat ko‘rsata boshlagan.

Marhum shu yilning 23 iyun kuni ahvoli og‘irlashib, dastlab Zangiota tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga, so‘ng esa Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga o‘tkir miokard infarkti tashxisi bilan yotqizilgan.

26 iyunda esa yurak, nafas va o‘pka yetishmovchiligi kuzatilib, ahvoli og‘irlashganligi uchun reanimatsiya bo‘limiga olingan. Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mamlakatdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining mutaxassislari tomonidan bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan.

Biroq kardiolog, pulmonolog, terapevt, virusolog, reanimatologlarning standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Bugun, 30 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda marhumning qizi Shahnoza Hasanovaning e’tirozlari tarqaldi. Unda qayd etilishicha, marhumga o‘z vaqtida davo choralari ko‘rsatilmagan. U koronavirusga chalingan bo‘lsa ham shifoxonaga yotqizilmagan. Hasanovaga ko‘ra, mamlakatda ko‘plab tibbiyot xodimlari koronavirusni davolash ishlariga majburan jalb qilinmoqda va ular himoya vositalari bilan ta’minlanmagan. Marhumning qizi jurnalist Aziza Qurbonova bilan suhbatda shunday deydi:

“Og‘ir judolik yuz berdi... Otam Alisher Uralov, 52 yoshda edilar. Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasida ishlardilar. 14 iyun kuni O‘rtasaroydagi karantinga olingan bemorlarga qarash uchun ishxonalari tomonidan majburiy jo‘natilganlar. Otam ishdan qochmasdilar. Yoshlari katta, gipertoniya, qandli diabet, og‘ir vaznda bo‘lganlari uchun ham kasallikni og‘ir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan xavf guruhida edilar. Ikki marta rad javobini berganlar. Lekin “otdel kadr”ning “bormasangiz, ishdan ajralasiz” degan gapi ortidan borishga majbur bo‘lganlar. Ishlarini juda yaxshi ko‘rardilar-da.  O‘rtasaroyda  shifokorlar uchun sharoit yaxshimas. Tez-tez almashtiriladigan himoya vositalari yetmayotganini aytgandilar. Otam menga rasm jo‘natganda, “qo‘lqop va baxillam yo‘q” deganlar.  Xullas, borganlaridan 4 kun o‘tib isitmalari chiqishni boshlagan. Koronavirusga test topshirganlarida yuklama ko‘pligi uchun SES javobni kuttirgan. 20 iyun kuni test javobi “musbat” chiqqan. Odatda qat’iy tashxis qo‘yish uchun qayta-qayta tekshiriladi. Yana ikkinchi testning javobini kutishgan. 

21 iyun kuni otam bilan birga ishlayotgan va bir xonada yotgan shifokor Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shtabiga ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi bilan signal xati jo‘natgan. Tez yordam mashinasiga joylashtirgan. Ahvollari og‘irlashgan. “Virusga shubha”  ostida o‘zlarining karantin zonaga aylangan ishxonalariga olib borishgan. Eng dahshati, o‘sha  o‘zlari ishlaydigan Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi otamni qabul qilmagan, “joy yo‘q” deb “otkaz” bergan. O‘zlari ishlayotgan joy! Vaqt yo‘qotilgan. Hozir bo‘lsa, ishxonalaridagi xodimlar va rahbarlari ham  “biz otangizning kasal bo‘lganini bilmagandik” deyishyapti. Otam o‘shandan keyin Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga jo‘natilganlar. U yerda tayinli tibbiy yordamni ololmadilar. “Hamma menga qarashdan qo‘rqyapti” deb hansirab og‘ir ahvolda telefon qilganlari quloqlarimda jaranglab turibdi. Otam “Literaturnыy”dagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etdilar. 26 iyun kuni Otamni SES xodimlari va COVID ga chalingan boshqa yosh yigitlar yordamida yerga qo‘yishdi. 

Fotihaga kelgan hamshiralar “axir joy bor edi-ku, nega o‘zimizning vrachni kirgazishmadi”, deyishadi. Nega otamning hamroh kasalliklari ko‘p bo‘lsa ham, istamasalar ham bosim bilan O‘rtasaroyga jo‘natishdi? Nega shaxsiy himoya vositalari bilan tez-tez ta’minlab turilmadi? Nega kovid aniqlanganidan so‘ng salohiyatli, to‘g‘ri davolay oladigan shifoxonaga jo‘natilmadilar? Nega? Nega?”, deydi Shahnoza Hasanova.

Jurnalist Aziza Qurbonova 28 iyun kuni tush payti Alisher Uralovning qizi Shahnoza Hasanovadan bu gaplarni eshitganida dan bu gaplarni eshitganimda, Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘lim holati bo‘yicha hech qanday ma’lumot bermagan bo‘lgan. Oradan ikki soat o‘tib, A.U. vafot etgani xabari qilingan. Holbuki, A.U. ikki kun avval vafot etgan edi.  

“Albatta, Shahnoza haligacha stress ichida va olovdek dardda qovrilyapti. Vaziyatga baho berishda oshirib yuborishi mumkin. Aytgan so‘zlariga faktlar so‘radim. U menga otasining O‘rtasaroyda tushgan himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlanmagan rasmini, shuningdek, mozorda uzoqdan tasvirga olingan marhum shifokorning tobutini olib tushishayotgani va unga qo‘shimcha taxminan yana ikkita tobut ko‘rinib turgan foto va videolarni jo‘natdi”, deb yozmoqda jurnalist. 

Jurnalist Aziza Qurbonova eshitganlariga aniqlik kiritish maqsadida kecha, 29 iyun kuni Alisher Uralov bilan O‘rtasaroyda bitta xonada yashagan va birga karantin zonada xizmat qilgan, hozir o‘zi ham qat’iy karantinda bo‘lgan shifokor bilan suhbatlashganini aytadi. 

“Haqiqatan ham vrachlarga “davka” ketyapti. Bu yerga kelmaganlardan ham so‘rab ko‘ring, shunday deyishadi.  Shaxsan o‘zim ham 54 yoshli vrachman va bu yerga majburan kelganman. Ehtiyojlarimizga kerak bo‘ladigan narsalarni yaxshi ta’minlab berisholmadi. Karantinga olingan 600 ga yaqin fuqaroga brigadamiz bilan tibbiy xizmatni olib bordik. 600 kishi hammasi virusga chalingan emas, lekin ularning boshqa kasalliklari bo‘ladi, asab, oshqozon kasalliklari, psixoz kuzatiladi... Agar ular u yoki bu tibbiy yordam ehtiyoj sezca, dori-darmon ta’minoti yaxshimas,  biz talab qo‘ysak, ta’minlab berisholmadi. Himoya vositalariga kelsak, bu yerda qizil va yashil zonalar bor. Qayerda xizmat ko‘rsatishga qarab kiyimlar kiyiladi. Shahnoza aytganidek, tapochkalar yetishmovchiligi prinsipial emas. 

Mening fikrim, bu yerga keladigan shifokorlar kontingentini to‘g‘ri tanlash kerak. Tasavvur qiling, ishxonangizda ishlayapsiz-da, shundoq qo‘ng‘iroq qilishadi-da yarim soat vaqt berishadi, narsalaringni yig‘ zonaga borasan! Hech qanday tayyorgarlik etapi yo‘q, instruktaj yo‘q, qog‘ozlarda qolib ketgan. 

Kelgan shifokorlar vaziyatni o‘rganib olguncha 2-3 kun shokda yuradi. Shaxsan men o‘zim o‘sha yakshanbada (14 iyun kuni) tug‘ruqxonada dejurda edim. Meni navbatchilikdan olishyapti-da bu yerga jo‘natishyapti. Bu insoniylikdanmi? Ishxonalarda xodimlarni kontingentini adolat bilan saralash yo‘q. 

Bu yerga shifokorlarning yoshi, sog‘lig‘i bilan hisoblashib jo‘natish kerak edi. Alisher aka bilan 4-5 kun birga yotgan bo‘lsam, u kishining kasalliklari ko‘p ekan, kelmasligi kerak edi. Men u kishini tez yordamda jo‘natish ishlari bilan o‘zim shug‘ullandim, telefonda shtab bilan gaplashdim, keyin ham aloqada bo‘lib turdim. A.Uralovda virusga shubha tug‘ilganida o‘z ishxonasiga jo‘natilishi yuridik jihatdan to‘g‘ri emasdir, lekin insoniylik jihatidan ishlab turgan joyi  tomonidan qabul qilinishi kerak edi. Nazarimda, u yakshanbadan to jumagacha yaxshi tibbiy xizmat ololmagan”, deydi marhum bilan birga ishlagan ikkinchi shifokor.  

QALAMPIR.UZ ushbu masalani atroflicha o‘rganishda davom etadi. Keyingi suhbatdoshimiz  Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori, professor Erkin Musaboyev. Suhbatni tez orada e’tiboringizga havola etamiz. 


Maqola muallifi

Teglar

Karantin Karantin markazi

Baholaganlar

509

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing