Marhum Shamshetovga ruhiy yoki jismoniy qiynoq bo‘lganmi? So‘z Mustaqil komissiyaga

Jamiyat

image

Avval xabar berilganidek, Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi, Qoraqalpog‘iston IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limining sobiq boshlig‘i Polat Shamshetov joriy yilning 4 fevral kuni yurak xurujidan vafot etgan edi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022 yil iyul oyida yuz bergan holatlar va voqealarni o‘rganish bo‘yicha Mustaqil komissiya kecha, 7 fevral kuni holat yuzasidan rasmiy bayonot berib, o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanganini ma’lum qilgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa Polat Shamshetovga nisbatan ruhiy va jismoniy qiynoqlar qo‘llanilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirli fikrlar yangray boshladi. Shu sababli Mustaqil komissiya bugun, 8 fevral kuni yana bir rasmiy bayonotini e’lon qildi.

Unda aytilishicha, marhum Polat Shamshetovning ruhiy yoki jismoniy qiynoqlarga uchraganiga oid ma’lumotlar asossiz.

“Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya a’zolari Polat Shamshetovning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida 4-sonli Tergov hibsxonasiga borib, u yerdagi sharoitlar, kamera yozuvlari, dastlabki tibbiy xulosa va boshqa tegishli hujjatlarni o‘rganishdi. Shuningdek, marhum bilan bitta kamerada bo‘lgan shaxslar va tergov hibsxonasi xodimlari bilan suhbat o‘tkazishdi.

Marhum Polat Shamshetov bilan bir kamerada bo‘lgan B.M. va Sh.S.lar bilan suhbatda, ular 3 fevral kuni nonushtadan keyin kamerada sud hukmini qayta-qayta o‘qigan, muhokama qilishgan, tushlikdan so‘ng sayr qilishgach, kameraga qaytishgan. Ularning aytishicha, shu kunlarda Shamshetov ko‘p tamaki chekkani tufayli nafas olishi og‘irroq bo‘lib qolgan. O‘sha kuni marhum ko‘p bezovtalangan, to‘satdan ularning ko‘z o‘ngida xushini yo‘qotgan”, deyilgan rasmiy bayonotda. 

Qolaversa, komisiya kamera yozuvlarida marhum Shamshetovning o‘sha kundagi harakatlari, sanitariya-gigiyena xodimi va tez tibbiy yordamning operativ harakatlari aniq aks etganini aytmoqda. 

“4 fevral kuni soat 01:50da Shamshetovning sog‘ligi yomonlashganligi sababli kameradoshlari hibsxona tibbiyot bo‘limi shifokorini chaqirtirgan. Hibsxona tibbiyot bo‘limi feldsheri katta serjant D.Temirov kameraga kelgan vaqtida mahkum P.Shamshetov hushsiz holatda bo‘lgan. Soat 02:15 da RSHTTYOIM Buxoro viloyati filiali tez yordam shifokori A.G‘afurov va feldsher M.Rahmonov yetib kelgan vaqtda mahkum Polat Shamshetov biologik o‘lim holatida ekanligini aniqlangan”, degan Mustaqil komissiya.

Marhum Shamshetovning o‘limiga oid bayonotda, shuningdek, o‘rganish ishlari davomida Buxoro viloyat sud-tibbiy ekpertizasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarning videoyozuvlari ham tahlil qilingani aytilgan.

Bundan tashqari, Komissiya a’zolari marhum vafot etgan kunda o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro viloyatidagi filialidan jalb qilingan tez yordam shifokori A.G‘afurov va feldsher M.Rahmonov hamda sud-tibbiy ekspertizasini o‘tkazgan Respublika Sud-tibbiy ekspertiza markazi Buxoro viloyat filiali mutaxassislari bilan ham suhbatlashgan va kerakli ma’lumotlarni olgan.

“Mahbuslarga tasdiqlangan menyu asosida berilgan taomlar ko‘rib chiqildi va oshxonadagi sharoitlar o‘rganildi. O‘rganish davomida marhumga nisbatan ruhiy yoki jismoniy qiynoq qo‘llanilishi mumkinligiga oid ma’lumotlar asossiz ekanligi aniqlandi. 

Marhumning oila a’zolari va yaqinlariga Komissiya a’zolari nomidan ta’ziya izhor etamiz”, deyiladi rasmiy bayonotda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing