Marhum Lindsi Grem o‘rniga uning singlisi AQSH Senatiga tayinlandi
Olam
−
14 iyul 2152 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp tavsiya qilgan Darlin Grem Nordon marhum akasi Lindsi Gremning o‘rniga AQSH Senatiga tayinlandi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Darlin Grem Nordon 2027 yilgacha, ya’ni Lindsi Gremning 2020 yilda boshlangan to‘rtinchi senatorlik muddati yakunlangunga qadar AQSH Senatida faoliyat yuritadi.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Janubiy Karolina gubernatori Makmaster Lindsi Gremni o‘rnini hech kim bosa olmaydigan va g‘ayrioddiy inson deb atab, uning singlisi akasining ishini davom ettirishiga ishonch bildirgan.
64 yoshli Darlin Grem Nordon esa Senatda Donald Trampning siyosatini qo‘llab-quvvatlashini va akasi boshlagan ishlarni davom ettirishini ma’lum qilgan.
“Kelgusi bir necha oy davomida Prezidentni qo‘llab-quvvatlash va akam Janubiy Karolina hamda AQSH fuqarolari manfaatlari yo‘lida boshlagan ishlarni davom ettirish uchun astoydil mehnat qilishga va’da beraman. Menimcha, Lindsi ham shuni istagan bo‘lardi”, degan u.
Darlin Grem Nordon hozirda Janubiy Karolina Ko‘zi ojizlar komissiyasi a’zosi hisoblanadi. U optik mutaxassis bo‘lib, avval Klemson universiteti hamda shtatning Bandlik va mehnat resurslari departamentida ishlagan. Shuningdek, Ko‘zi ojizlar bo‘yicha shtat agentliklari milliy kengashining saylangan prezidenti hisoblanadi.
Ma’lum bo‘lishicha, Darlin Grem Nordon o‘smirlik davrida ota-onasidan ayrilganidan so‘ng, Lindsi Grem unga otadek g‘amxo‘rlik qilgan. Shu bois uning Senatdagi o‘rinni egallashi respublikachilar va demokratlar tomonidan iliq kutib olingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 iyul kuni amerikalik senator Lindsi Grem 71 yoshida vafot etgan edi. Keyinchalik AQSH senatori Lindsi Grem ateroskleroz oqibatida yuzaga kelgan aorta yorilishi sabab vafot etgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, rossiyalik propagandachi faylasuf Aleksandr Dugin AQSH senatori Lindsi Gremning to‘satdan vafoti ortida Isroilning tashqi razvedka xizmati – “Mossad” turgan bo‘lishi mumkinligini da’vo qilgandi.
Live
Barchasi