Marhum xonandalar Muhriddin Xoliqov va Oxunjon Madaliyev ham taqdirlandi
Madaniyat-san’at
−
23 avgust 2025 27817 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, marhum xonanda Oxunjon Madaliyev “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, marhum xonanda Muhriddin Xoliqov esa “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda bugun, 23 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tegishli farmonga imzo chekdi.
Farmonga ko‘ra, ushbu ikki xonanda O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan taqdirlangan. Ular o‘zining ko‘p yillik samarali ilmiy-ijodiy, ijtimoiy faoliyati, yorqin va betakror iste’dodi bilan xalqning intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy ma’naviyatni boyitish, mamlakatda ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirish, jamiyatda ezgulik va adolat, vatanparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida fidokorona xizmat qilib, avlodlarga qoldirgan boy merosi, sermazmun hayoti va insoniy fazilatlari bilan el-yurt xotirasidan chuqur joy egallagani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, Muhriddin Xoliqov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi. Ilk bor “Parizod“ qo‘shig‘i bilan chiqish qilgan. Birinchi ustozi marhum Sherali Jo‘rayev bo‘lgan. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda xonandalar Abdulla Qurbonov, Anvar Sanayev uning shogirdlari hisoblanadi. Faoliyati davomida 20 ga yaqin konsert bergan. Oxirgi konserti 2000 yilda bo‘lib o‘tgan. 2001 yil 21 noyabrda Toshkentda vafot etgan.
Oxunjon Madaliyev marhum qo‘shiqchi va bastakor. U 1990 yillarda O‘zbekistonda va qo‘shni respublikalarda shuhrat qozongan. Madaliyev vafotiga qadar yuzlab qo‘shiq kuylagan. “Yolg‘iz ayol“, “Javohirim“, “Onamning duosi“, “Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas“, “Turkman qiz“, “Unutmoq osonmas bizlarni“ kabi qo‘shiqlari ommalashgan. Madaliyev 2000 yilning 29 iyunida 37 yoshida navbatdagi to‘yni tugatib, haydovchisi bilan Tico mashinasida ketayotganida miokard infarktidan vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandasi Jahongir Poziljonov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan mukofotlangandi.
Live
Barchasi