Qo‘ynidan to‘kilsa, qo‘njiga. Nazarbekov yana mukofotlandi
Madaniyat-san’at
−
23 avgust 16129 2 daqiqa
O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan mukofotlandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 23 avgust kuni tegishli farmonga imzo chekdi.
Qayd etilishicha, vazir O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan vatan mustaqilligini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarga qo‘shgan munosib hissasi, o‘zining yorqin iste’dodi tufayli mukofotlangan.
Ma’lumot o‘rnida, Ozodbek Nazarbekov 1974 yilning 7 may kuni Andijon viloyatida tavallud topgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Muhriddin Xoliqovning qo‘lida tahsil olgan. 1994 yildan ijodiy faoliyatini boshlagan.
U 2007 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 2010 yilda O‘zbekiston xalq artisti, 2012 yilda Qoraqalpog‘iston xalq artisti, 2014 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
2020 yilda esa o‘sha paytdagi Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Nazarbekovni Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlagan. Joriy yilning aprel oyida Ozodbek Nazarbekov Tojikiston xalq hofizi faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Sentyabrda esa unga Qirg‘iziston xalq artisti unvoni berildi. Ozodbek Nazarbekov 2017-2020 yillarda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2020 yildan hozirgacha Madaniyat vaziri lavozimida ishlab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xususiy universitetni reklama qilgandi. Qayd etish joizki, bu vazir Nazarbekovning birinchi marta reklamaga tushishi emas. O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri – Xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ishtirokida kiyimlar do‘koni reklamasi tarqalgandi. Holat Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘rganilganidan so‘ng do‘kon jarimaga tortilgan, vazir esa aybsiz deb topilgan. Qo‘mita raisi maslahatchisi Otabek Usmonov o‘shanda vazir nega aybsiz ekaniga tushuntirish berib, Nazarbekov reklamani hech qayerda tarqatmagani uchun reklamaning aylanishida rasman ishtirok etmaganini, u reklama beruvchi ham, reklama tayyorlovchi ham, reklama tarqatuvchi ham emasligini bildirgandi.
Live
Barchasi