Maoshi oshgan OTM o‘qituvchilari, Toshkentda yongan AYOQSH, qadrsizlanishdan to‘xtamayotgan so‘m va kunning boshqa xabarlari

Jamiyat

image

1 iyul kuni ham nihoyasiga yetyapti. Quyida siz bilan O‘zbekiston, jahon va boshqa sohalarda yuz bergan kunning eng muhim voqealariga to‘xtalib o‘tamiz.

Jamiyat

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi Toshkentdan ko‘chirildi

O‘zbekistonda neft-gaz sohasida monopol tashkilot “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi Toshkentdan Qashqadaryoga ko‘chirildi. Endilikda “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, Mustaqillik ko‘chasi, 35-uyda joylashadi.

TIV Qozog‘istonga ketayotgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istonga ketayotgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi. O‘zbekistonning Olma-otadagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Qozog‘iston sinoptiklari bugun, 1 iyuldan Qizilo‘rda va Turkiston viloyatlarida havo harorati 45-47 darajagacha ko‘tarilishidan ogohlantirgan. Jazirama havo Olma-ota, Jambil, Kostanay va Qorag‘anda viloyatlarida ham kutilyapti.

Bugundan OTM o‘qituvchilarining maoshi oshadi

1 iyuldan e’tiboran O‘zbekiston hududidagi oliy ta’lim muassalari o‘qituvchilarining oylik-maoshi oshirildi. OTMlarining rahbar xodimlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi hamda byudjet mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlari oshirilgan miqdorlarda to‘lanadi.

So‘m dollar va yevroga nisbatan qadrsizlanishda davom etyapti

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2019 yil 2 iyuldan boshlab valyuta operatsiyalari bo‘yicha buxgalteriya hisobi, statistik va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlari uchun xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatni belgiladi. So‘m dollar va yevroga nisbatan qadrsizlanishda davom etdi.

Toshkent viloyatida AYOQSH yonib ketdi (video)

1 iyul kuni Toshkent viloyatidagi yoqilg‘i quyish shaxobchasida yong‘in sodir bo‘ldi. Natijada bir kishi jarohatlandi. Yong‘in soat 00:45 da Toshkent viloyati Toshkent tumani Toshkent xalqa avtomobil yo‘lidagi “Obod kapital” MCHJga qarashli "OK Oil" yoqilg‘i quyish shaxobchasida chiqqan. Yong‘inni o‘chirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining 12 ta ekipaji yetib kelgan. Yong‘in soat 1:24 da jilovlanib, soat 1:46 da to‘la bartaraf qilingan.

Navoiyda qudalar o‘rtasida mudhish qotillik. Bir oiladan ikki kishi o‘ldirilgan

Navoiy viloyati Karmana tumanida qudalar o‘rtasida mudhish qotillik sodir etildi. Fuqaro singlisining o‘z joniga qasd qilishida qudasini ayblab, xonadon egasi va uning ikki qizini pichoqladi. Uy egasi va bir qiz halok bo‘ldi.

O‘zbekistonda 72 yoshli ayol OTMga hujjat topshirdi

Bu yil OTMga kirish uchun 72 yoshli ayol ham hujjat topshirgan. Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Barno Rajabovning ma’lumot berishicha, bu hol Farg‘ona davlat universitetida yuz bergan.

O‘zbekistonda olti oy deganda ilk bor inflyatsiya kuzatilmadi

2019 yilning iyun oyida iste’mol bozorida umumiy narxlar darajasining pasayishi kuzatilib, oy davomidagi deflyatsiya ko‘rsatkichi 0,5 foizni tashkil qildi.

Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-iyun oylari davomida iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi 5,6 foizga qimmatlashgan. 2018 yilning iyun oyiga nisbatan respublikai iste’mol sektoridagi o‘rtacha narxlar 13,6 foizga oshgan.

Olam

Minskda Putin, Lukashenko va Rahmonning norasmiy uchrashuvi Mirziyoyev sovg‘a qilgan shiyponda o‘tkazildi

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Minsk shahrida norasmiy uchrashuv o‘tkazishdi. O‘ziga xos uchrashuvga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sovg‘a qilgan shiypon mezbonlik qildi.

Qozog‘istonda 3 ta avtomobil ishtirokida YTH. Halok bo‘lgan va jabrlangan o‘zbekistonliklar bor

O‘zbekiston Respublikasining Aktau shahridagi (Qozog‘iston) Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra“Samara-Chimkent” trassasining 896-km.da 3 avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Avtomobillarning ikkitasida 11 nafar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Hodisa oqibatida o‘zbekistonlik M.A. vafot etdi.

Medvedev partiyasidagi takabbur va surbet siyosatchilar haqida gapirdi

Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri, mamlakatdagi yetakchi “Yagona Rossiya” partiyasi raisi Dmitriy Medvedev fuqarolarning partiyaga bo‘lgan ishonchi bilan bog‘liq muammolar to‘g‘risida fikr bildirdi. Medvedevning so‘zlariga ko‘ra, “Yagona Rossiya”da ko‘plab professional siyosatchilar faoliyat olib boradi. Biroq, OAVda ko‘pincha takabburligi va surbetligini namoyish qilishdan uyalmaydigan partiya a’zolari haqida ma’lumotlar tarqaydi.

Erdo‘g‘an Rossiya S-400 ni qachon yetkazib berishini ma’lum qildi

Rossiya 10 kun ichida Turkiyaga S-400 zenit-raketa majmuasini yetkazib beradi. Bu haqda Turkiya Prezideti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi. Erdo‘g‘an Yaponiyada o‘tgan “katta yigirmatalik” sammiti doirasida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvdan keyin jurnalistlar savoliga javob qaytarayotganda  shunday bayonot bergan.

Video: 15 yoshli o‘quvchi o‘zbekistonlik erkakning qotiliga aylandi

Rossiyaning Leningrad viloyatida yuz bergan janjalda O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Vsevolojsk tumani Leskolovo qishlog‘ida janjal oqibatida O‘zbekiston fuqarosi X.R. o‘ldirilgan. Jinoyat qidiruv xodimlari tomonidan 29-iyun kuni mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanuvchi rossyailik 15-yoshli maktab o‘quvchisi qo‘lga olingan.

Sport

Londonning ikki klubi “Barselona” futbolchisiga da’vogar

Braziliyalik yosh iqtidor egasi Malkom joriy yozda Kataloniyani tark etishi mumkin. Tez orada “Barselona” safiga kelib qo‘shilishi kutilayotgan Neymar va Grizmann jamoada to‘p surib boshlasa, Malkomda zahiradan maydonga tushish imkoniyati ham bo‘lmasligi mumkin. Shu sababdan futbolchi tezroq boshqa klub safiga o‘tib ketish niyatida.

O‘zbek kurashi jahonda yanada ommalashtiriladi

O‘zbekiston 2030 yili bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlarini qabul qilish uchun jiddiy bel bog‘lagan. Shuningdek, o‘zbek milliy sporti hisoblanmish kurashni rivojlantirish bo‘yicha ham katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. 2018 yili Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan kurash muxlis-u mutaxassislar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

16

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing