Manening agenti mijozi “Bavariya”ga o‘tishini ma’lum qildi
Sport
−
08 iyun 2022
1832Senegal terma jamoasi va “Liverpul” hujumchisi Sadio Manening agenti Born Bezemer “qizillar” rahbariyatiga mijozi “Bavariya”ga o‘tishni istayotganini aytgan. Bu haqda “Sport Bild” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, "Bavariya" sport direktori Hasan Salihamidjich shu hafta Angliyaga borib, "Liverpul" rahbariyati bilan shaxsan uchrashib, Manening transferini muhokama qiladi. So‘nggi bir necha kun ichida Salihamidjich mersisaydliklar sport direktori Julian Uord bilan faol aloqada bo‘lib turibdi.
Avvalroq, “Bavariya” senegallik hujumchiga “Liverpul”da bir necha barobar ko‘p oylik taklif qilgani xaqida xabar berilgandi. Shuningdek, Manening hamyurtlari ham futbolchining “qizillar” safini tark etishni istashi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.
Ma’lumot o‘rnida, Mane 2016 yilda "Sautgempton"dan 41,2 million yevro evaziga “Liverpul” futbolchisiga aylangandi. Senegallik hujumchi o‘shandan beri “qizillar” safida 269 o‘yinda maydonga tushib, 120 ta gol urdi va 48 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Sadioning amaldagi klubi bilan shartnomasi 2023 yilning yozida yakuniga yetadi.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi