“Manchester Siti”ning sobiq murabbiyi 76 yoshda vafot etdi
Sport
−
26 avgust
4295Angliya terma jamoasining sobiq murabbiyi va ko‘plab klublardagi faoliyati bilan mashhur bo‘lgan shvetsiyalik Sven-Yoran Eriksson 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Eurosport” xabar berdi.
Eriksson ancha yillardan buyon oshqozon saratoni bilan kurashib kelgan. Joriy yilning yanvar oyida esa shifokorlar unga 1 yil umri qolganini ma’lum qilgan.
Marhum murabbiy o‘limidan oldin maktub yozib qoldirar ekan, maktubda quyidagilarni keltirgan:
“Yaxshi hayot kechirdim. Hammamiz o‘lim yaqinlashishi bilan qo‘rqamiz, lekin, hayot – bu o‘lim ham demakdir. Biz uni boricha qabul qilishni o‘rganishimiz kerak. Siz meni qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga uringan samimiy inson sifatida eslab qolasiz, deb umid qilaman. Xafa bo‘lmang, tabassum qiling. Hammasi uchun rahmat, murabbiylar, futbolchilar, muxlislar. Hammasi ajoyib o‘tdi. O‘zingiz va hayotingiz uchun g‘amxo‘rlik qiling va unda yashang. Xayr!”
Erikssonning farzandlari Lina va Yoxan esa otasining vafotiga shunday degan:
“Otamiz bugun ertalab Sunne aholi yashash punkti tashqarisida Byorkeforsdagi uyida tinch uxlab qoldi. U uzoq vaqtdan beri saraton kasalligi bilan kurashdi, ammo u endi oramizda yo‘q”.
Ma’lumot uchun, marhum murabbiy 1948 yilning 5 fevral kuni Shvetsiyada tug‘ilgan. Faoliyati davomida “Benfika”, “Roma”, “Manchester Siti” kabi 10 dan ortiq klublar va Angliya, Meksika terma jamoalarini boshqargan. 2001 yilda Eriksson Angliya terma jamoasini boshqargan birinchi britaniyalik bo‘lmagan murabbiyga aylandi va ularni 3 ta yirik turnirning chorak finaliga olib chiqdi. U murabbiylik davrida Angliyaning jahon reytingini 17-o‘rindan 5-o‘ringa ko‘tardi, uning g‘alabasi esa uni Angliya terma jamoasi murabbiylari uchun barcha vaqtlar reytingida 6-o‘ringa chiqardi. U murabbiy sifatida ko‘plab klublarni boshqargan bo‘lsa ham, oddiy muxlis sifatida Eriksson “Liverpul”ga fanatlik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentinani jahon chempioni qilgan murabbiy vafot etgandi. Fransiyada esa murabbiy chaqmoq urishi oqibatida halok bo‘lgandi.
LiveBarchasi