“Manchester Siti” gollarga boy uchrashuvda g‘alaba qozondi

Sport

image

Kecha, 2 dekabr kuni Angliya Premer-ligasining 14-turi doirasida “Manchester Siti” Londonda mehmon bo‘lib, “Fulhem”ga qarshi gollarga boy o‘yinda 5:4 hisobida zafar quchdi. 

Uchrashuv “shaharliklar”ning faol bosimi ostida boshlandi. Holand, Reynders va Fodening gollari evaziga mehmonlar birinchi bo‘limni o‘z foydasiga yakunladi. “Fulhem” esa tanaffus oldidan Emil Smit Rouning goli bilan hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘limda ham Foden o‘z o‘yinini davom ettirdi va yana bir bor jamoasini oldinga olib chiqdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Sander Bergening avtogoli “Siti”ga qulay ustunlik berdi va hisob 5:1 ko‘rinishiga keldi. Biroq katta ustunlik Pep Gvardiola shogirdlarini biroz bo‘shashtirib qo‘ygandek bo‘ldi. “Fulhem” bunga javoban ketma-ket gollar urdi. Avval Aleks Ivobi o‘z nomini tabloga yozdirgan bo‘lsa, Samuel Chukvuyeze ikki bor darvozani ishg‘ol qilib, hisobni 4:5 ko‘rinishiga olib keldi. Shunga qaramay, “Siti” o‘yinning so‘nggi daqiqalarida hisobni ushlab qola oldi va 9 ta gol kiritilgan bahsda muhim 3 ochkoga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov mazkur turda ham maydonga tushmadi va o‘yinni zaxiradan kuzatdi.

Ushbu g‘alaba “Manchester Siti”ga 28 ochko bilan turnir jadvalida 2-o‘ringa mustahkam joylashish imkonini berdi. “Fulhem” esa 17 ochko bilan 15-pog‘onada bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Prem'er-liga “Manchester Siti” Abduqodir Husanov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing